21:52 / 15.06.2021
31632
«Bizda kimnidir o‘ldirish odati yo‘q». Putinning Navalniy, Bayden va AQSh bilan munosabatlar haqidagi intervyusidan asosiy ma'lumotlar

Rossiya prezidenti administratsiyasi sayti Vladimir Putin Jo Bayden bilan uchrashuv arafasida Amerikaning NBC telekanaliga bergan intervyusi matnini e'lon qildi. Putin Aleksey Navalniyning qamoqdan omon chiqishiga kafolat bermasligini aytgan, shuningdek, Rossiya AQShga qarshi kiberurush olib borishi haqidagi ayblovga javob qaytargan.

Foto: Rossiya prezidenti administratsiyasi

Putinning intervyusi dastlab NBC News saytida ingliz tilida e'lon qilingandi, keyinroq suhbatning to‘liq stenogrammasi Rossiya prezidenti saytida joylashtirildi.

NBC jurnalisti Kir Simmons Putindan Rossiyada muxolifatchilar ta'qib qilinishi haqida so‘rar ekan, Aleksey Navalniyning fondi ekstremistik tashkilot sifatida qayd etilganini eslab, to‘g‘ridan to‘g‘ri shunday savol qo‘ygan: «Siz Navalniy qamoqdan tirik va sog‘ chiqishiga kafolat berishga tayyormisiz?

«Quloq soling, bizda bunday qarorni prezident qabul qilmaydi, qamoqdan ozod etish yoki ozod etmaslik to‘g‘risidagi qarorlarni sud qabul qiladi. Sog‘ligiga kelsak, qamoqxonalardagi barcha odamlarning sog‘ligiga tegishli ma'muriyatlar javob beradi. Siz aytayotgan odamga ham shunday metodlar qo‘llanadi, aniq aytishim mumkinki, hech kimga boshqalarga nisbatan yomonroq munosabatda bo‘linmaydi», degan Putin.

Shundan keyin Simmons aniqlik kiritgan: «Uning ismi Aleksey Navalniy. Siz u qamoqdan chiqadi deb aytishga tayyor emasmisiz?»

«Meni diqqat bilan eshiting. Uni istagancha atashingiz mumkin, u ozodlikdan mahrum etish muassasasidagi odamlardan biri. Men uchun u Rossiya sudi tomonidan sudlangan va qamoqqa tushgan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi, bundaylar ko‘p», degan bunga javoban u.

«Shuning uchun boshqalarga qaraganda yomonroq emas. Biz hech kimga hech qanday eksklyuziv qilmasligimiz lozim, bu to‘g‘ri bo‘lmaydi, barcha bir xil sharoitda bo‘lishi kerak, bu «mumkin qadar qulaylik berish» prinsipi deb ataladi. Va bu siz aytayotgan odamga ham taalluqli» - degan prezident.

Simmons Putindan Navalniyning o‘ldirilishini tashkillashtirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan-bermaganini so‘ragan. «Albatta, yo‘q. Bizda kimnidir o‘ldirish odati yo‘q», deya raqibini yo‘q qilishga buyruq berganini rad etgan Putin.

Jurnalist «Rossiyadagi o‘zgacha fikrlovchilar taqiq ostida» ekani haqida gapirgan, Putin buni ham tan olmagan: «Buni siz Rossiyadagi o‘zgacha fikrlilik va Rossiyadagi noroziliklarga toqatsizlik sifatida tasvirlayapsiz. Biz esa bunga butunlay boshqacha qaraymiz».

NBC Putinning intervyusi bir yarim soat davom etganini ma'lum qilgan.

«AQShga qarshi kiberurush»
Simmons Putindan Amerika obektlariga qilingan hakerlik hujumlari, AQSh hukumati bunda Rossiya maxsus xizmatlaridan gumon qilayotgani, shuningdek, rasmiy Moskvaning Amerika prezidentlik saylovlariga aralashuvi borasida so‘ragan. «Janob prezident, siz Amerikaga qarshi kiberurush olib borasizmi?» deya Putinga savol qo‘yadi jurnalist.

Putin bunday ayblovlar asossizligini aytgan. «Bizni nimada ayblashmagan o‘zi: saylovlarga aralashuv, kiberhujumlar va hokazo. Shu bilan birga, biror marta qandaydir dalil keltirilmagan, shunchaki quruq ayblovlar. Men hayronman, nega bizni haligacha Black Lives Matter harakatini qo‘zg‘ashda ayblashmayapti. Ammo biz buni qilmaganmiz», degan u.

NBC jurnalisti rossiyaliklarning kiberkenglikdagi xatti-harakatlari bo‘yicha Amerika maxsus xizmatlari tomonidan e'lon qilingan beshta misolni keltirgan: 2016 va 2020 yillardagi prezidentlik saylovlariga aralashuv, koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish va tayyorlash, SolarWinds serverlari va Microsoft kompaniyasiga kiberhujumlar.

Bunga javoban Putin degan: «Siz menga bunday ma'lumotni kim aytgani haqida ma'lumot beryapsiz. Ammo haqiqatan ham shunday bo‘lganiga dalillar qani? Men sizga aytaman: mana shunday bo‘lgan, buni u aytdi, uni bu aytdi, dalil esa qayerda? Bunday asossiz ayblovlar bo‘yicha sizga birgina javob bera olaman: Xalqaro jinsiy islohotlar ligasiga shikoyat qilishingiz mumkin. Bu sizni qoniqtiradimi?»

Almashuv imkoniyati
Putindan AQSh va Rossiya o‘rtasida mahbuslarni almashish imkoniyati haqida ham so‘ralgan, xususan, Rossiyada uzoq muddatga qamalgan Amerika fuqarolari - Pol Uilan va Trevor Rid taqdiri bilan qiziqilgan.

«Sizning dengiz piyodangiz - shunchaki piyonista va bezori. U politsiyaga qarshilik ko‘rsatgani uchun to‘qqiz yilga qamalgan. U o‘lgudek ichib, aroqqa cho‘milgan va janjal chiqargan, politsiyachini urgan. Bu ishning alohidaligi yo‘q, maishiy masal», degan Putin Trevor Rid ishi haqida.

«Bu bo‘yicha muzokaralar ehtimoliga to‘xtalsak [mahbuslar almashuvi] ‒ marhamat, gaplashish mumkin. Biz ham tabiiyki, AQShdagi qamoqxonalarda o‘tirgan fuqarolarimiz masalasini qo‘yamiz. Bu muloqot predmeti. Marhamat.

Bilishimcha, bizda ozodlikdan mahrum etilgan bir qancha Amerika fuqarolari bor. Ammo agar Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi qamoqxonalarda saqlanayotgan Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini sanasak, solishtirib bo‘lmaydigan raqamlar chiqadi», degan Putin.

Putin amerikalik fuqarolarni rossiyaliklarga almashish imkoniyati bo‘yicha gapirib, kokain kontrabandasi uchun AQShda 20 yilga qamalgan uchuvchi  Konstantina Yaroshenkoni eslab o‘tgan.

«Oynadan o‘pkalama»
NBC jurnalisti Putindan Baydenning Rossiya dunyodagi beqarorlikni kuchaytirayotgani haqidagi aybloviga munosabatini so‘ragan, Rossiya prezidenti esa bunda aynan AQShning o‘zi aybdorligini aytgan. Putin Vashingtonning Suriya, Afg‘oniston va Liviyadagi harakatlarini eslab o‘tgan.

Jurnalistning Rossiyadagi o‘zgacha fikrlovchilarni ta'qib etish haqidagi savoliga qaytib, Putin AQShda ham xorijiy agentlar to‘g‘risida qonun qabul qilinganini aytib o‘tgan. Shuningdek, Kapitoliyga hujumda gumonlanib yuzlab kishilar hibsga olingani va namoyishchilardan biri halok bo‘lganini eslagan.

«Bizda shunday bir maqol bor: yuzing qiyshiq bo‘lsa, oynadan o‘pkalama. Buning shaxsan sizga hech qanday aloqasi yo‘q, lekin kimdir sizni biror nimada ayblasa, o‘zingizga rasm solasiz, oynada bizni emas, o‘zingizni ko‘rasiz. Bu yerda g‘ayrioddiy hech narsa yo‘q», degan Putin.

Avvalroq NBC intervyudan parcha e'lon qilgan, unda Simmons Putindan «qotilmisiz» deb so‘ragandi. Prezident savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishdan qaytib, o‘ziga barcha tomonlardan qilinadigan hujumlarga o‘rganib ketganini ta'kidlagan. «Ishim davomida men juda ko‘p sabablarga ko‘ra turli darajadagi va har xil yo‘nalishdagi hujumlarga odatlanib qolganman. Bu meni ajablantirmaydi. Men bunday ayblovlarni o‘n martalab eshitganman, ayniqsa Shimoliy Kavkazda terrorizmga qarshi og‘ir kurashimiz vaqtida. Meni hamisha Rossiya davlati va rus xalqi manfaatlari qiziqtirgan. Qolgani meni mutlaqo tashvishga solmaydi», degan Putin.

Bayden va Tramp
Putin 16 iyun kuni Jyenevada Bayden bilan uchrashadi. Rossiya yetakchisi so‘nggi marta amerikaliklar prezidenti bilan 2018 yilda ko‘rishgan.

Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha tashabbus aynan Bayden tomonidan bildirilgan. Shu bilan birga, u Kreml «shunday taklif kutayotgan bo‘lgani, chunki Shtatlarning ichki siyosatidagi masalalar munosabatlarni maqbul darajada tiklash imkonini bermay kelgani» haqida aytib o‘tgan.

Simmons Putindan uning AQShning hozirgi va avvalgi prezidentiga munosabatini so‘ragan. «Men hozir ham AQShning sobiq prezidenti janob Tramp ‒ favqulodda va iste'dodli inson deb hisoblayman, aks holda u AQSh prezidenti bo‘lolmasdi. U yorqin shaxs, u kimgadir yoqishi, kimgadir yoqmasligi mumkin. Bu, albatta, Amerika isteblishmenti mahsuloti emas, u avval katta siyosatda hech qachon bo‘lmagan. Yoqsa yoqmasa, shunday», degan rossiyaliklar yetakchisi.

«Prezident Bayden, albatta, Trampdan tubdan farq qiladi, chunki u professional, u qariyb butun umrini siyosatda o‘tkazgan. U ko‘p yillar davomida bu ish bilan shug‘ullanadi. Bu butkul boshqa inson. Menimcha amaldagi prezident tomonidan impulsiv harakatlar bo‘lmaydi - plyuslari ham, minuslari ham bor - biz muloqotning umumiy qoidalariga rioya qilamiz, nimalargadir kelishamiz, til topisha olamiz», deya davom etgan Putin.

Aprelda Bayden Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritib, buni kiberhujumlarga hamda 2020 yilgi prezidentlik saylovlariga aralashuv uchun javob deb atadi. Shundan so‘ng Vashington va Moskva diplomatlar chiqarib yuborilgani haqida e'lon qildi.

Top