09:33 / 15.06.2021
3053
Eron koronavirusga qarshi o‘z vaksinasini qo‘llashga ruxsat berdi

Eron hukumati koronavirusga qarshi ilk mahalliy vaksina COVIran Barekat’ni favqulodda qo‘llashni ma'qulladi.

The Associated Press axborot agentligining xabar berishicha, Eronning Shifafarmed farmatsevtik kompaniyasi ishlab chiqqan vaksina negizida faol bo‘lmagan virus yotadi. Vaksinaning xavfsiz va samarador ekanini tekshirish bo‘yicha ilk tadqiqotlar 2020 yil oxirida boshlangan.

Ta'kidlanishicha, Eron mutasaddi idoralari koronavirusga qarshi vaksinalar importidagi muammolar sababli shunday qarorga keldi. Tehronda aytilishicha, eronliklarni ommaviy ravishda emlashga AQSh sanksiyalari to‘sqinlik qilgan.

Eron Yaqin Sharq davlatlari orasida koronavirus pandemiyasidan eng ko‘p jabr chekkan davlat hisoblanadi. Mahalliy vaksina qo‘llanishi ma'qullangandan keyin mamlakat emlash kampaniyasi sur'atlarini oshira oladi.

Eron mahalliy vaksina ishlab chiqarilishini apreldan boshlagan. Hukumat sentyabrgacha ushbu vositadan 30 mln dozadan ko‘proq ishlab chiqarishni rejalashtirgan.

Top