22:00 / 15.06.2021
23315
Rossiya delegatsiyasi samolyoti Bayden sababli Shveytsariya ustida bir soat uchib yurdi

Shveytsariyaning Jyeneva shahrida 16 iyunda o‘tadigan AQSh va Rossiya prezidentlari uchrashuviga yo‘l olgan Rossiya delegatsiyasi va Kreml puli jurnalistlari samolyoti Shveytsariya ustida bir soat aylanishiga to‘g‘ri keldi. 

Foto: Reuters

Bortkuzatuvchi samolyot qo‘nish oldidan kutish rejimiga qo‘yilganini e'lon qilgan. Bu vaqtda Rossiya hukumat samolyoti Shveytsariyaga yaqinlashib qolgan bo‘lgan, biroq qo‘nish o‘rniga bir soat Jyeneva ko‘li ustida uchib yurgan. Ta'kidlanishicha, ushbu holat Shveytsariyaga AQSh prezidenti Jo Bayden uchib kelgani bilan bog‘langan. 

Avvalroq Bayden samolyoti Jyeneva aeroportiga qo‘ndi. AQSh yetakchisini bu yerda Shveytsariya prezidenti Gi Parmelen va Jyeneva kantoni hukumati raisi Serj Dal Byusko kutib olgan.

AQSh delegatsiyasiga davlat kotibi Entoni Blinken hamda prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ham kirgan. Biroq AQShning birinchi xonimi Jill Bayden Jyenevaga kelmagan.

AQSh prezidenti shahar bo‘ylab 3,5 tonnalik Cadillac limuzinida harakatlanishi kutilmoqda. «Birinchi raqamli limuzin» kimyoviy va biologik hujumdan himoyalangan.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Bayden Hotel Intercontinental mehmonxonasida to‘xtaydi. Shuningdek, 15 iyun kechki vaqt u Shveytsariya prezidenti bilan uchrashishi kutilmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Jyenevaga Bayden bilan muzokaralar o‘tadigan kun – 16 iyunda keladi.

Avvalroq AQSh va Rossiya prezidentlari uchrashuvi mahalliy vaqt bilan soat 13:15da boshlanishi va 4 soat 45 daqiqa davom etishi ma'lum bo‘lgan. Uchrashuv dastlab tor doirada, so‘ngra kengaytirilgan tartibda o‘tadi. Shundan keyin ikki davlat yetakchisi muzokaralar natijalari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazadi.

Top