19:41 / 15.06.2021
7893

Samarqand shahar hokimligidan uy-joyi buzilgan fuqaroga 1,5 milliard so‘m undirib berildi

Samarqand shahar hokimligidan uy-joyi buzilgan fuqaroga 1,5 milliard so‘m undirib berilgan. Bu haqda MIB viloyat boshqarmasi axborot xizmati Kun.uz’ga xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2021 yil 26 yanvardagi qaroriga ko‘ra, Samarqand shahar hokimligidan N.O.ning foydasiga buzilishga tushgan uy-joy va shu manzilda joylashgan savdo do‘konining qurilishiga ketgan sarf-xarajatlar uchun 1 milliard 514 million 919 ming so‘m kompensatsiya undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati MIB Samarqand shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi yuritilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 23-moddasiga ko‘ra, qarzdor tomon Samarqand shahar hokimligiga ijro hujjatining ijrosini ixtiyoriy ravishda ta'minlash uchun muddat berilgan. Shuningdek, Qonunning 71-moddasiga asosan, davlat ijrochisi tomonidan Samarqand shahar hokimligiga 1 milliard 514 million 919 ming so‘m kompensatsiya pullarini to‘lab berish majburiyat yuklatilgan.

Shu bilan birga, MIB Samarqand shahar bo‘limi tomonidan mazkur ijro hujjati ijrosini ta'minlash bo‘yicha Samarqand shahar hokimligiga eslatma xati yuborilgan.

Ijro tadbirlari davomida Samarqand shahar hokimligidan 1 milliard 514 million 919 ming so‘m kompensatsiya pullari to‘liq undirilib, undiruvchi N.O.ga to‘lab berilgan hamda ijro hujjati amaldagi Qonunning 41-moddasi 1-qismiga asosan tugatilgan.

Top