08:01 / 15.06.2021
3595

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining vazifalari belgilandi

Hukumat qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Nizomga ko‘ra, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligini, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi.

Agentlikning asosiy vazifalaridan biri, jumladan, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish hisoblanadi.

Agentlikka Prezident bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.

Shuningdek, Agentlik tarkibida yuridik shaxs hisoblanmaydigan, Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda budjetdan tashqari “Muruvvat” va “Saxovat” internat uylarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyat yuritadi.

Agentlik o‘z faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi va hisobot beradi. 

Eslatib o‘tamiz, mazkur agentlik 2021 yil 25 martdagi PF–6195-son farmon bilan tashkil etilgan.

Top