07:47 / 15.06.2021
17498

Toshkentda IIBB xodimi va ichki ishlar bo‘limiga kelgan fuqarolar o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqdi

Internet tarmog‘ida Toshkent shahar IIBB xodimi va ichki ishlar bo‘limiga kelgan fuqaro o‘rtasidagi kelishmovchilik videosi tarqaldi. Poytaxt IIBB holat bo‘yicha ma'lumot taqdim etdi.

Qayd etilishicha, Uchtepa tumani IIO FMB 7-son ichki ishlar bo‘limiga poytaxtda yashovchi fuqaro Ch.T.dan murojaat kelib tushgan. Murojaatchi o‘z arizasida 41 yoshli T.X.ning undan 6 000 000 so‘m qarzi borligini ma'lum qilgan.

2021 yil 5 iyun kuni Uchtepa tumani IIO FMB profilaktika katta inspektori podpolkovnik M.Fozilov T.X.ni ichki ishlar bo‘limiga kelib tushgan murojaat bilan tanishib, mazkur fakt bo‘yicha tushuntirish xati yozishi uchun taklif qilgan. 

Xodimning ish joyiga T.X. bilan birga uning mazkur ishga aloqador bo‘lmagan ikki nafar tanishi (muqaddam ikki marta sudlangan 43 yoshli F.Yu. va 34 yoshli S.T.) ham kirmoqchi bo‘lishgan. 

“Xonani tark etish to‘g‘risidagi iltimosga javoban fuqarolar qo‘pol muomalada bo‘lib, holatni videoga tushirishni boshlashgan va bu bilan xodimning ish faoliyatiga to‘sqinlik qilishgan. Fuqarolar ichki ishlar bo‘limidan chiqarilishi jarayoni yuqoridagi videoga tushib qolgan”, deyiladi ma'lumotda. 

Kelishmovchilik davomida T.X. tushuntirish xati yozishga tayyorligini bildirib, o‘zi ham do‘stlarini tinchlantirmoqchi bo‘lgani aytiladi.

Top