22:35 / 16.06.2021
44844

Chilonzor tumani hokimi ishdan ketdi. Prezident unga muhlat bergandi

Sirdaryo viloyati IIBning sobiq boshlig‘i Shavkat Mavlonov Sarvar Mahametov o‘rniga Chilonzor tumaniga hokimlik qiladi.

Bugun, 16 iyun kuni Xalq deputatlari Chilonzor tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Sessiyada so‘zga chiqqan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Chilonzor tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, tumanda olib borilayotgan ishlar ko‘lamiga to‘xtalib o‘tdi va yangi hokim nomzodini deputatlarga tavsiya etdi.

Sessiyada Shavkat Tohirovich Mavlonov Chilonzor tumani hokimi etib tasdiqlandi. 

Shavkat Mavlonov

Shavkat Mavlonov 1978 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy. 1999 yilda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, 2012 yilda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi oliy akademik kursini tamomlagan.

U ichki ishlar tizimida uzoq yillar mehnat qilgan va 2019 yildan hozirgi vaqtgacha Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Shavkat Mavlonov yangi lavozimda Sarvar Mahametovni almashtirdi. Sarvar Mahametov 2018 yil oktyabridan buyon Chilonzor tumaniga rahbarlik qilib kelayotgandi. U 2005-2010 yillarda Toshkent shahrining Bektemir tumani o‘rinbosari, 2010-2016 yillarda Bektemir tumani hokimi, 2016-2018 yillarda esa Yakkasaroy tumani hokimi bo‘lgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil yanvarida Yunusobod tumanida o‘tkazilgan yig‘ilish vaqtida Sarvar Mahametovni qo‘yilgan topshiriqlarni bajarmagani uchun ogohlantirgan va unga muhlat bergandi.

«Men Chilonzor tumani hokimiga topshiriq berganman, qoladimi yoki yo‘qmi. Men uni ishdan olmoqchi edim, lekin u menga yalinib, uch oyda eplayman dedi», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirgandi «Gazeta.uz».

Prezident Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Sarvar Mahametovni maqtagani va unga «advokatlik qilgani»ni ta'kidlab o‘tgandi.

«Chilonzorda nima o‘zgarganini televizorda chiqib aytishi kerak, odamlar aytishi kerak. Tushunarlimi yoki yo‘q? Menga birov maqtagani kerak emas, advokat bo‘lish kerak emas hech kimga», deya poytaxt hokimiga ishora qilgandi Shavkat Mirziyoyev.
 

Mavzuga oid
Top