19:18 / 16.06.2021
8585
Prezident talabalar yotoqxonasi bo‘yicha muammolarga to‘xtaldi 

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta'lim tizimidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. 

Telegramdagi «Mikrofon ko‘targan ayol» kanali xabar berishicha, davlat rahbari talabalar yotoqxonasi bo‘yicha muammolarga to‘xtalib o‘tgan.

«Yotoqxona o‘rinlari sonini oshirish hisobiga qo‘shimcha 22 ming, ijara to‘lovini qoplash orqali 60 mingdan ziyod talabalarning turar joy masalasi hal etib berildi va bunga joriy yilda budjetdan 50 milliard so‘m ajratiladi.

Hozirda talabalarda qo‘shimcha 149 mingta turar joyga ehtiyoj mavjud. Ushbu muammoli masalani tadbirkorlar bilan xususiy sheriklik orqali tezda hal qilish mumkin. 

Bo‘sh maydoni bo‘lgan oliygohlar o‘z hududida, bo‘sh maydoni bo‘lmaganlari 1,5 kilometrgacha masofada tadbirkorlarga yotoqxonalar tashkil etish uchun yer auksion orqali ajratiladi. 

Oliygoh rektori, viloyat hokimlari tadbirkorlar bilan kamida 20 yil muddatga shartnoma imzolaydi, binoning 1-2 qavatini biznes uchun (ko‘ngilochar xizmatdan tashqari) tadbirkorga berish, yuqori qavatlarini arzon turar joy (hostel) tashkil etish shartlari belgilanadi. Talabalarning turar joyi xarajatlarining 50 foizi budjetdan qoplab beriladi.

Bu tadbirkor uchun – kafolatli mijoz, birinchi va ikkinchi qavatidagi biznesi uchun katta bozor, talaba uchun – qulay va arzon sharoit, oliygohga esa – mablag‘ni tejash va  ularning ta'lim sifatini oshirish uchun yo‘naltirishga katta imkoniyat», degan davlat rahbari. 

Prezident viloyat hokimlariga bir hafta muddatda talabalarga qulay hududlarda yotoqxonalar qurish bo‘yicha yer maydonlarini belgilab, auksionga chiqarish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda talabalarni turar joy bilan ta'minlash masalasi 2021 yil fevral oyida Toshkent shahrida ijarada yashagan besh nafar talaba is gazidan zaharlanib vafot etganidan so‘ng kun tartibidagi mavzuga aylandi.

Top