11:37 / 16.06.2021
1315

Samarqand viloyatida joriy yilda YTHlar soni 42,9 foizga oshgan. Ularda 105 nafar fuqaro vafot etgan

Samarqand viloyatida joriy yilda yo‘l-transport hodisalari soni 42,9 foizga, ular bilan bog‘liq o‘lim holatlari esa 32,4 foizga oshgan. Bu haqda bugun, 16 iyun kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma'lum qilingan.

Qayd etilishicha, joriy yilning 5 oyi davomida viloyat hududida yo‘l-transport hodisalari soni 2020 yilning shu davriga nisbatan 42,9 foizga yoki 93 taga (217/310) oshgan. O‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 32,4 foizga yoki 23 taga (71/94) ko‘paygan. Joriy yilda sodir bo‘lgan o‘lim bilan bog‘liq 94 ta (7 tasi mast holatda) yo‘l-transport hodisalari oqibatida 105 nafar  (o‘tgan yil 98 nafar) shaxs halok bo‘lgan. Ulardan 9 nafarini (o‘tgan yil 9 nafar) voyaga yetmaganlar tashkil etgan.

Bundan tashqari, joriy yilda viloyatda 2307 ta jinoyat sodir etilgan. Jinoyatlarning 56,2 foizini (1297 tasini) aynan oldi olinishi lozim bo‘lgan 12 ta turdagi qotillik, tan jarohati yetkazish, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, o‘g‘rilik, firibgarlik, bezorilik va yo‘l transport hodisalari jinoyatlari tashkil etgan.

Ta'kidlanishicha, viloyatning 8 ta tumani: Toyloq, Jomboy, Qo‘shrabot, Narpay, Payariq, Bulung‘ur, Past Darg‘om va Paxtachi tumanlarida jinoyat sodir etilishi salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda.

Yig‘ilishda viloyat hokimi tomonidan «Temir daftar», «Ayollar» va «Yoshlar» daftarlaridagi ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollar, ishsiz yoshlarning muammolarini hal etish ishlari ayrim sektor rahbarlari, mahalla raislari hamda profilaktika inspektorlari tomonidan hanuzgacha to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida mazkur toifadagi shaxslar tomonidan o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilish holatlari kuzatilayotgani keskin tanqid qilingan.

Bundan tashqari, yig‘ilishda viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlarida xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etish masalalari ham tanqidiy muhokama qilingan.

Mavzuga oid
Top