10:56 / 16.06.2021
7839

Surxondaryoda ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan shaxs yana jinoyat sodir etdi

Foto: KUN.UZ

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan shaxs yana talonchilik qilgan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 13 may kuni, Sho‘rchi tumani Bo‘ston mahallasida yashovchi Sh.Dilfuza tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda 12 may kuni soat 16.30larda, shu mahalla hududida ko‘chada ketayotgan vaqtida noma'lum shaxs bo‘ynidagi narxi 8 million so‘mlik ayollar tilla zanjirini yulib olib, qochib ketganini bildirgan.

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Denov tumanida yashovchi H.Faxriddin sodir etgani aniqlanib, ushlangan va undan ashyoviy dalil olingan. Qayd etilishicha, H.Faxriddin avval ham jinoyat sodir etib, 2020 yil 27 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumani sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilgan.

Ta'kidlanishicha, 19 may kuni o‘talmay qolgan jazoning 2 yil 6 oy 11 kuni uchun Denov tumani IIB Probatsiya guruhi hisobida ozodlikdan cheklash jazosini o‘tab kelayotgan H.Faxriddinga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top