16:04 / 18.06.2021
9935

Andijondagi ijtimoiy sohalarni rivojlantirish bo‘yicha xalq bilan muloqot qilindi

Andijon shahrida viloyat va tumanlar hokimlari, davlat idoralari rahbarlari, mahalliy kengash deputatlari, jamoatchilik faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatining bugungi holatiga baho berib, uni har tomonlama rivojlantirish vazifalari haqida so‘zladi.

«Andijonga kelishimizdan maqsad - odamlarning dardini tahlil qilib, aniq rejalarni belgilash, aholi jon boshiga daromadni oshirish, mahallalarda sharoitni yaxshilash. Hamma natijalarga tanqidiy qarashimiz kerak. Andijonning birini ikki qilish uchun yana qanday «o‘sish nuqtalari» bor, odamlarni qiynayotgan nima muammolar bor, deb savol qo‘yib, ularga chora topish zarur. Buning uchun ijro organi rahbarlari va mahalliy deputatlar dunyoqarashini o‘zgartirishi kerak. Agar ular dunyoqarashini o‘zgartirib, fidoyi bo‘lib ishlasa, hamma soha o‘zgaradi», dedi prezident.

Prezident Andijon viloyati aholisining turmush sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratdi.

Viloyatda ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Joriy yilda 271 ta ko‘p qavatli, shuningdek, ipoteka asosida 2 ming 500 ta yakka tartibdagi uylar qurilmoqda. Shulardan 2 ming 710 ta xonadonga subsidiya ajratiladi.

Bu yil 460 kilometr ichimlik suvi, 1 ming 147 kilometr elektr uzatish tarmoqlari qurilishi va ta'mirlanishi qayd etildi.

Ta'lim, tibbiyot sohalarida ham xayrli ishlar ko‘p. Bu yil 30 ta maktab ta'mirlanadi. Matematika, kimyo-biologiya, informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 13 ta maktab faoliyati tashkil etiladi.

4 ta oilaviy poliklinika va 9 ta oilaviy shifokorlik punkti tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Viloyatda 1 million 500 ming aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, jumladan, 300 mingdan ortiq ayollarni mammografik va ultratovush tekshiruvlaridan o‘tkazish muhimligi ta'kidlandi.

Murakkab operatsiyalarga muhtoj, ehtiyojmand aholiga yordam berish bo‘yicha viloyatda maxsus jamg‘arma tashkil etish tashabbusi bildirildi.

Yoshlar va ayollar muammolarini tizimli hal qilish, ularni kasbga o‘rgatish va ish bilan ta'minlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, prezident andijonlik 100 nafar xotin-qiz uchun kontrakt to‘lovi viloyat hokimligi, 50 nafari uchun esa oliy o‘quv yurtlari tomonidan to‘lab berilishini ma'lum qilgan.

«Viloyatda 18-30 yoshda bo‘lgan 568 mingdan ziyod yoshlarning 42 ming nafari «Yoshlar daftari»ga kiritilgan. Bugungi kunda «Yoshlar daftari»da qolgan 8,5 ming nafar va bu  yil maktabni bitirib, mehnat bozoriga kirib keladigan 36 mingdan ziyod yoshlarning bandligini ta'minlash kerak.

10 ming 241 nafar yoshlarning tadbirkorlik loyihalariga 211 milliard so‘m kredit ajratishni ta'minlash zarur. Tuman (shahar)lar kesimida «Yoshlar jamg‘armasi»da 17 milliard so‘m mablag‘ shakllantirib, 15 ming nafar yoshlarning muammosini hal etishga yo‘naltirilsin.

Viloyatda «Ayollar daftari»ga kiritilgan 29,5 ming nafar xotin-qizning deyarli barchasiga amaliy yordam berilgan. Jumladan, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan, uy-joyga muhtoj 48 nafar xotin-qizga uy-joy berilgan. 

1 iyuldan boshlab, viloyatdagi barcha xotin-qizlarning ahvolini qaytadan o‘rganib, «Ayollar daftari»ni yangidan shakllantirish zarur. Xotin-qizlarni  qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan, turmush sharoiti og‘ir 132 nafar ayolga uy-joy olishda boshlang‘ich badal to‘lab berishni ta'minlansin.

2021-2022 o‘quv yilida oliygohga kirgan, ota-onasidan biri yoki turmush o‘rtog‘i vafot etgan ehtiyojmand 100 nafar xotin-qiz uchun kontrakt to‘lovini viloyat hokimligi, 50 nafari uchun esa oliy o‘quv yurtlari tomonidan to‘lab berishni ta'minlansin», degan davlat rahbari.

Prezident viloyat sanoat istiqbollari haqida to‘xtaldi. 

«Viloyatda metallurgiya zavodi qurilishi loyihasini tayyorlash lozim. Toshkentda zavod qurdik, nega Andijonda qurmasligimiz kerak? Mayli, Toshkentdagidek katta bo‘lmasin, kichikroq bo‘lsin. Lekin Andijon ahli ham sanoat kengayayotganini his qilishi kerak. Vaqti kelib, bu zavodlar ishga tushishiga ishonaman.

Mana, yig‘ilishda yoshlarimiz o‘tiribdi, ularda ham qator savollar bor. Biz ularning kelajagiga loyiq loyihalar ustida hozirdan ishlashimiz lozim», dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokim va sektor rahbarlari hisobot berdi. Shahar va tuman studiyalaridagi aholi bilan ochiq muloqot bo‘ldi.

Top