17:21 / 18.06.2021
12910
O‘zbekistonda qaysi turdagi kiberhujumlar keng tarqalgani haqida ma'lumot berildi

Bugungi kunda ijtimoiy injiniring yordamida va virusli fayllarni pochta orqali jo‘natish orqali qilinadigan kiberhujumlar keng tarqalgan.

Markaziy bank departamenti direktori Kamoliddin Sultonov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida O‘zbekistonda keng tarqalayotgan ikkita kiberhujum to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«Bugun axborot texnologiyalari bilan birga kiberhujumlar ham rivojlanib, turlari ko‘payib boryapti. Ayniqsa, hozir ijtimoiy injiniringni qo‘llagan holda amalga oshiriladigan kiberhujumlar soni ortmoqda.

Bunda jinoyatchi ijtimoiy tarmoqlarda ma'lum bir shaxsga tegishli ma'lumotlarni to‘playdi. Ya'ni tarmoqlarga kiritilgan karta va bank hisobraqamlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni yig‘gach, unga qo‘ng‘iroq qiladi va emotsional ta'sir o‘tkazishga urinadi.

Masalan, «bank kartangizdan qanchadir mablag‘ o‘g‘irlandi, bu sizmisiz?», deyishi mumkin. Uni eshitayotgan odam nima qilayotganini bilmay qolish ehtimoli katta. Shu sababli savollarga tez-tez javob berishga harakat qiladi va o‘ylanishga vaqti qolmaydi. Shu yo‘l bilan ular foydalanuvchining ro‘yxatdan o‘tgan ma'lumotlarini qo‘lga kiritishga harakat qiladi hamda masofadan turib uning hisobraqamiga noqonuniy kirib oladi, mablag‘larini talon-toroj qiladi.

Kiberhujumlarning yana bir turi - virusli fayllarni pochta orqali jo‘natish orqali amalga oshiriladi. Virusli fayl ochilsa, kompyuterga virus tushadi va haker o‘sha kompyuterdagi bankka tegishli ma'lumotlarni qo‘lga kiritish orqali mablag‘larni tunaydi.

Markaziy bank bu muammoni bartaraf qilish bo‘yicha aholining moliyaviy savodxonligini oshirishga alohida e'tibor qaratmoqda. O‘quv seminarlar o‘tkazilyapti, alohida saytlar ochilib, kiberhujumlardan himoyalanish borasida ma'lumotlar berib borilmoqda. Ayni paytda kiberhujumga uchraganlar uchun tezkor xabar berish tizimlarini joriy qilmoqdamiz», dedi u.

Avvalroq, Markaziy bankda kiberxavfsizlik va moliyaviy firibgarlikka qarshi kurashuvchi hamda bank axborot tizimlarining uzluksiz ishlashini monitoring qiluvchi markaz ochilishi xabar qilingandi.

Markazning asosiy vazifasi bank va moliya sohasida axborot hamda kiberxavfsizlik tahdidlarining oldini olish hamda moliyaviy firibgarliklarga qarshi ta'sir choralarini ko‘rishdan iborat ekanligi ma'lum qilingan.

Top