15:37 / 18.06.2021
10691
O‘zbekistonda soliq tushumlari hajmi keskin oshgan. Bu «yashirin iqtisodiyot» mablag‘lari legallashtirilishi bilan izohlandi

O‘tgan 5 oyda soliq tushumlari hajmining 2020 yil mos davriga nisbatan 32 foizga ko‘payishida soliq yukining ortishi emas, balki «yashirin iqtisodiyot»dan tushgan mablag‘larni legallashtirish asosiy omil bo‘ldi.

2021 yilning 1 yanvaridan 31 mayigacha bo‘lgan davrda respublika budjetiga tushgan soliqlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32,6 foizga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, Navoiy (40,7 foiz), Qashqadaryo (40,6 foiz), Sirdaryo (32,2 foiz), Xorazm (36,1 foiz), Toshkent (31,5 foiz) viloyatlari va Toshkent (38,3 foiz) shahrida soliq tushumlari sezilarli o‘sgan.

Markaz o‘tkazgan tahlillarga ko‘ra, ayni paytda soliq tushumlari ko‘rsatkichi mamlakat iqtisodiy o‘sish sur'atlaridan yuqoriladi.

«Soliq tushumlari hajmi soliq yukining oshishi tufayli emas, balki «yashirin iqtisodiyot»dan tushgan mablag‘larni legallashtirish va soliq tizimini takomillashtirish hisobiga oshdi», deyiladi manba ma'lumotida.

Tahlil qilingan davrda bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 49,6 foizga oshgani ko‘rsatilgan. Bunda daromadning eng katta o‘sishi Jizzax (5 barobar), Sirdaryo (2,6 barobar), Namangan (98,6 foiz), Farg‘ona (97,8 foiz) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (54,8 foiz) qayd etildi.

Davlat bojxona qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon tovarlar eksportining hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40,8 foizga oshgan. Tovarlar eksporti hajmining o‘sishi Jizzax (2 barobar), Andijon (82,4 foiz), Sirdaryo (80,8 foiz), Buxoro (70,8 foiz) va Toshkent (61,2 foiz) viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Bunda asosan, sanoat mollari, oziq-ovqat va kimyoviy moddalar eksportida o‘sish sur'ati tezlashgan.

O‘tgan 5 oy davomida respublikada 43 ming 670ta yangi tadbirkorlik sub'yektlari tashkil etilib, ularning eng ko‘pi Qashqadaryo (5 ming 368), Samarqand (3 ming 885), Toshkent (3 ming 742), Farg‘ona (3 ming 484) viloyatlari va Toshkent (7 ming 592) shahrida ro‘yxatga olingan. Shuningdek, tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmida ham 56 foizlik o‘sish kuzatilgan. 

Top