12:28 / 19.06.2021
20145
Bir davr yakuni. Ramos «Real» bilan xayrlashdi, uning keyingi manzili qayer?

Buyuk himoyachi va buyuk klubning yo‘llari ayro tushdi.

Ispaniya Yevro-2020 uchun zayavkasini e'lon qilganida Piriney yarimorolidagi dangasa odamlargina «Qizil furiya» so‘nggi 15 yillikda ilk bor yirik turnirga Serxio Ramossiz yo‘l olayotganini muhokama qilmadi. Aytish mumkinki, hatto himoyachi bo‘lsa ham u shvedlarning avtobusini buzib o‘tish yo‘lini topgan bo‘lardi. Ammo, jarohat tufayli uyda qoldirilgan jahon chempioni, Yevropa chempionatining ikki karra g‘olibi muxlislar e'tiborini qit'a chempionatidan o‘ziga qarata oldi.

Ramos «Real» bilan xayrlashdi, u bilan «Qirollik klubi»dan butun bir davr ketmoqda. Bunaqa xayrlashuv oxirgi marta Madriddan Krishtianu Ronaldu ketganida ro‘y bergandi. Ammo hozir vaziyat biroz boshqacharoq — qaymoqranglilar aniq endi avvalgidek bo‘lishmaydi. Hatto Karim Benzema, Toni Kroos, Ispaniya poytaxtida baribir yana bir yilga qolgan Marselu hamda yangi shartnomaga ega bo‘lgan Luka Modrich bilan ham.

Zinedin Zidan bilan xayrlashuv ham xotirjamroq qabul qilingandi. Bu fransuz mutaxassisi avval «Real»dan ham futbolchi, ham murabbiy sifatida ketgani, oxirgi ketishi haqida ancha oldinroq ma'lum qilgani bilan bog‘liq. Qolaversa, birinchi marta jamoani boshqarganida Zizu YeChLda uch bor g‘olib bo‘lgan, ikkinchi urinishda esa ishonchni oqlay olmadi. La ligadagi triumf yetarli hisoblanmadi, ammo o‘sha titul — Ramosning so‘nggi g‘alaba qo‘shig‘i bo‘lib qoldi.

Uning soqolli yuzi va vikinglarniki kabi porlab turadigan ko‘zlari «Real»ning so‘nggi yillardagi ramziga aylangandi. «Santyago Bernabeu»ga qaytib, yangi jamoaga kirishgan Karlo Anchelottiga uning yo‘qligi bilinadi. Italiyalik mutaxassis ilk matbuot anjumanidayoq Ramosning kelajagi borasida gapirgandi: «Men «Real»ni usiz tasavvur eta olmayman».

Bu yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erisha olmay kelayotgan Serxioning o‘ziga ham, «Real» prezidenti Florentino Peresga ham aniq signal edi. Bu birinchi holat emas, olti yil oldin ham Ramos «MYu»ga ketib qolish bilan tahdid qilgan, yakunda o‘z maoshi miqdorini 10 million yevroga oshirib olgan, bu isyoni uning g‘olibligi bilan yakunlangan «Real» unga Manchesterdagilar va'da qilayotganidan ikki million ko‘proq taklif qilishga majbur bo‘lgandi. O‘shanda Serxio faoliyatini Madridda yakunlashni istashini tan olgandi, shu bilan birga buning sharti borligini qo‘shimcha qilgandi: agar bunga prezident qarshi bo‘lmasa.

Ramos Peres yulduzlar bilan qanday xayrlashganiga guvoh. O‘tgan safargi shartnoma muammosi yuzaga kelganida Iker Kasilyas jamoadan quvilganiga ko‘p bo‘lmagandi. Ehtimol, sardorning taqdiri jamoa 2019 yil martida Chempionlar ligasida «Ayaks»dan sharmandali mag‘lubiyatga uchrab (1:4), turnirni tark etganidan keyin kiyim almashtirish xonasida Peres bilan aytishib qolganida hal bo‘lgandir. O‘yinni diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuborgan Ramos futbolchilarni tanqid qilgan prezidentga qarshi chiqqan va Peres uni jamoadan haydash bilan tahdid qilganida shunday degandi: «Pulimni ber, ketaman. Men bu emblema, klub va hatto sen uchun borimni berdim».

Tomonlar keyin yarashib ketishgan, undan keyin ham kichik ziddiyatlar bo‘lib turgan, ammo singan tarelkani yamab bo‘lmaydi. Bundan tashqari, muzokaralar davomida Ramos prezidentga «PSJ» unga Lionel Messi bilan bir jamoada to‘p surish imkoniyatini taqdim etmoqchiligi haqida aytgan.

Albatta, Ramosning bunday gapi Peresga yoqmasdi. Qolaversa, Messi nafaqat ko‘k-anorranglilar klubida, balki dunyoning istalgan klubida o‘z shartlarini qo‘yish mumkin. Serxioning maqomi esa boshqacharoq. Hatto bir necha oy oldin Ramosni o‘g‘lidek yoqtirishini aytgan bo‘lsa-da, Peres barchaga ma'lum qildi: bu safar shartlarni u qo‘yadi.

«Shartnomaning uzaytirilishimi? Bu uning o‘ziga bog‘liq emas. Bu «Real»dagi vaziyatga bog‘liq», — dedi prezident va yana bir bor pandemiya klubga katta iqtisodiy zarba berganini eslatib o‘tdi. Dastlab kamtar Modrich maoshi kamaytirilishi evaziga yangi shartnomaga qo‘l qo‘ygandi, undan keyin Lukas Vaskes ham shu kabi shartga rozi bo‘ldi, 35 yoshli Ramosdan ham shuni kutishgandi.

Zidan ketishi ortidan jamoada qayta qurish boshlanishi ma'lum bo‘ldi. Himoya markaziga David Alaba olib kelindi, Varan ham ketmoqda.

Rahbariyatning ham o‘z sabablari bor. Ayniqsa Ramos jamoadoshlarini Kilian Mbappe olib kelinishi uchungina maoshlari qisqartirilishiga rozi bo‘lmaslikka chaqirishidan keyin yuzaga kelgan shov-shuv tufayli. Bu gaplar qanchalik to‘g‘riligi aniqmas, qolaversa, Serxioning shartnoma epopeyasi OAVda ko‘plab yolg‘on-yashiq xabarlarga sabab bo‘ldi.

Shu bilan birga, heppi-end bo‘lishi ham mumkin edi. AS nashri «Real» maosh miqdori 10 foizga qisqartirilgan holda bir yillik shartnoma taklif etgani haqida yozdi, hafta boshida Ramos Peres bilan uchrashdi, aftidan, tomonlar bir-biriga yon berayotgandek edi. AS nashri, Ramos ikki yillik shartnoma yoki «1+1» sxemasidagi shartnoma istaganini yozdi.

Keyingi kuni Marca nashri muharriri Xose Feliks Dias daxlsiz futbolchilar ro‘yxatida bo‘lgan Ramos o‘z uyiga aylanib qolgan «Real»da o‘ynashda davom etishga tayyor ekani haqida yozib chiqdi. Ammo baribir klub va sardorning yo‘llari ayro tushdi.

17 iyun iyun kuni «Santyago Bernabeu»da uning xayrlashuv marosimi o‘tkazildi va sardor ko‘z yoshlarini tiya olmadi: «Bu klubda men bilan birga ishlagan barchaga minnatdorchilik bildirib qolaman. Shu jumladan, klub prezidenti va xodimlarga ham. Sizlarga qarab hissiyotlarimni jilovlay olmayapman. Muxlislarga ham rahmat. Barchasi bir umrga yuragimda qoladi. Hayotimning ajoyib bir davri nihoyasiga yetmoqda. Bunga o‘xshash davr menda boshqa bo‘lmaydi. Shunga qaramay, o‘zimning eng yaxshi o‘yinlarimni ko‘rsatib, faoliyatimda yana bir qancha sovrin yutmoqchiman. Hammaga katta rahmat. Xayrlashmayman, shunchaki «ko‘rishguncha» deb qolaman, chunki ertami yo kech hali yana qaytaman».

Marosimdan so‘ng, futbolchining o‘zi vaziyatga to‘liq izoh berdi. «Real»ni tark etishni hech qachon istamaganman, niyatim faoliyatim oxirigacha shu klubda to‘p surish bo‘lgan. Klub menga maoshi pasaytirilgan bir yillik kelishuv taklif qildi. Men esa o‘zim va oilam uchun 2 yillik shartnoma so‘ragandim.

Taklif hali o‘z kuchida deb o‘ylab, [maoshi kamaytirilgan bir yillik shartnomani] qabul qilmoqchi edim, ammo menga endi kech bo‘lganini aytishdi. Keyin esa klubdan boshqa taklif bo‘lmasligini xabar qilishdi. Florentino Peres bilan munosabatlarimiz doim yaxshi bo‘lgan – xuddi ota boladek. Ammo har bir oilada ham qiyin davrlar bo‘lib turadi. Shunga qaramay, bu yerdagi 16 yillik faoliyatimdan yaxshi xotiralar qoldi», dedi Ramos.

Serxio endi erkin — u katta maosh taklif eta oladigan katta klublardan biriga borib qo‘shiladi.

Madrid klubi uning ketishini e'lon qilishi bilan jurnalist Fabritsio Romano u o‘zi 2004-2005 yillarda to‘p surgan «Sevilya»ga qaytmasligi aniq ekanini, u grand klublardan biri bilan muzokara olib borayotganini ma'lum qildi.

As manbasi ma'lumotiga ko‘ra, 35 yoshli futbolchining agentlari uni «PSJ»ga taklif etishgan. «PSJ» – Ramos uchun qator omillarga ko‘ra eng yaxshi variant ekani aytildi: jamoa bosh murabbiyi Maurisio Pochettino ispancha gapiradi, Parijdan Madridgacha parvoz vaqti bir soat atrofida, qolaversa, Fransiya chempionati soliqlar tomondan imtiyozli. O‘z navbatida, «PSJ»ga Tiago Silva ketganidan keyin himoya markazida Kimpembega tajribasiz Diallo o‘rniga kuchli futbolchi ko‘magi kerak.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Ramos yangi klubda 2 mavsum uchun 30 mln yevro hamda erkin agent maqomida klubga o‘tish uchun 20 mln yevro miqdorida ko‘tarma puli so‘ramoqda. El Chiringuito TV ma'lumotiga ko‘ra, u «Milan» bilan muzokara olib bormoqda.

Bundan tashqari, ushbu tajribali futbolchi uchun da'vogarlar qatorida Manchester jamoalari va «Yuventus»ni keltirish mumkin. Nima bo‘lganda ham, uning transferi shu yozdagi eng shov-shuvli transferlardan biri bo‘ladi.

Madridda esa 16 yillik baxtli mavsumdan keyin uni sog‘inib qolishlari tayin.

Top