17:30 / 19.06.2021
12727
“Haligacha o‘zimning lavozimimga o‘zim ishonmayman” ­- “O‘zbekneftgaz” rahbari Kattaqo‘rg‘on yoshlari bilan muloqot qildi

“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev Kattaqo‘rg‘on shahrida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Unda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova, Yoshlar ishlari agentligi mas'ullari ham ishtirok etdi va yoshlarning muammolari, qiziqishlari, kelajakdagi rejalari o‘rganildi.

Samarqandlik yoshlarga boshqaruv raisi tomonidan "O‘zbekneftgaz" AJ tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar va ularda yoshlarning hissasi yuqori bo‘layotgani misollar bilan aytib o‘tildi. O‘z navbatida yoshlar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

Uchrashuvda tizimdagi korxonalarda yuqori salohiyatga ega, chet tillarini mukammal biladigan yoshlar uchun belgilab olingan chora-tadbirlar haqida ma'lumot berildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ tizimida faoliyat yuritayotgan samarqandlik, jumladan, kattaqo‘rg‘onlik yoshlar ham o‘z navbatida so‘z olib, bugungi kunda ular uchun yaratilgan sharoitlar haqida fikr bildirishdi. O‘z tengdoshlariga erishgan yutuqlari, buning uchun neft va gaz sohasida bilim olish va nufuzli korxonalarda ishlash imkoni barchada bor ekanligini ta'kidlashdi.

Muhokamalar jarayonida “IELTS” sertifikatiga ega bo‘lgan yoshlar joriy yilda oliy o‘quv yurtiga to‘lov-shartnoma (kontrakt) asosida o‘qishga qabul qilinadigan bo‘lsa, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ularga beg‘araz yordam berilishi, oliy o‘quv yurtini tugallaganidan so‘ng doimiy ish o‘rni bilan ta'minlanishi ma'lum qilindi.

Kattaqo‘rg‘on yoshlari viloyat markazida o‘tkaziladigan tadbirlar, fan olimpiadalari va turli bellashuvlarda ishtirok etish uchun transport muammo bo‘layotganini ma'lum qilishdi. Mehriddin Abdullayev ko‘pi bilan o‘n besh kun muddatda homiylik yordami asosida shahar yoshlari uchun avtobus sovg‘a qilinishini bildirdi.

Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on yoshlarining taklifiga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi korxonalarga tanishuv-sayohati tashkil qilinadigan bo‘ldi.  

Abdullayev yoshlarga o‘z hayot yo‘li va ish faoliyatidagi muvaffaqiyati, unga erishish yo‘llari va shu bilan birga qiyinchiliklar bo‘lgani hamda ularni yengish uchun nimalar qilganini so‘zlab berdi.

Oddiy ishchi oilasida tavallud topib, bugungi kunda yirik kompaniya rahbariga aylanishiga faqat va faqat tinimsiz mehnat, izlanish hamda bilim olish bo‘lganini, har bir yosh halollik orqaligina muvaffaqiyatlarga erisha olishini bildirdi.

Uchrashuv davomida davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida tadbirlar ham tashkil etildi.

Tadbirda madaniyat, adabiyot, san'atga qiziquvchan yoshlar o‘z iqtidorlarini namoyish etishdi. Ular sportning kurash, shashka-shaxmat kabi bir qator yo‘nalishlari bo‘yicha kuch sinashdilar.

Yoshlarning axborot texnologiyalari, sport sohalariga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan kompyuter jamlanmalari, sport anjomlari topshirildi.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta'minlangan oila farzandlariga tikuv mashinalari va boshqa turdagi sovg‘alar berildi.

Boshqaruv raisi bu uchrashuv so‘nggisi emasligi, yoshlarni ham ma'nan, ham ruhan doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, "O‘zbekneftgaz" AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev Qashqadaryo, Jizzax hamda farg‘onalik yoshlar bilan ham ochiq muloqot o‘tkazadi.

Top