20:53 / 19.06.2021
11125

Po‘lat Bobojonov Koreya Milliy politsiya agentligi delegatsiyasi bilan uchrashdi

Koreya Respublikasi Milliy politsiya agentligi bosh komissari Kim Chang Yong boshchiligidagi delegatsiya va ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda IIV axborot xizmati.

Foto: Ichki ishlar vazirligi

Qayd etilishicha, uchrashuvda idoralar o‘rtasidagi jamoat xavfsizligini ta'minlash, terrorizm, ekstremizm, kiber jinoyatlar, odam savdosi va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda hamkorlik qilish, doimiy maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘yish orqali o‘zaro tajriba almashish, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish sohasida hamkorlik aloqalarini faollashtirish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar rejalashtirib olingan.

Shu kuni Koreya Respublikasi Koreya Milliy politsiya agentligi O‘zbekiston Respublikasi IIV, Milliy gvardiya o‘rtasida ikki va ko‘p tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi o‘tkazilgan.

Foto: Ichki ishlar vazirligi

Tadbirda quyidagilar imzolandi:

  • O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan Koreya Respublikasi Koreya milliy politsiya agentligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv;
  • O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi va Koreya Respublikasi Koreya milliy politsiya agentligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi bilan Koreya Respublikasi Koreya milliy politsiya universiteti o‘rtasidagi anglashuv memorandumi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti Koreya Respublikasi Koreya milliy politsiya universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • O‘zbekiston Respublikasi IIV va Milliy Gvardiyasi bilan Koreya Respublikasi Koreya Milliy politsiya agentligi o‘rtasida amaliy hamkorlik bo‘yicha tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”).
Foto: Ichki ishlar vazirligi

 

Foto: Milliy gvardiya

IIV axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Koreya Respublikasi Milliy politsiya agentligi bosh komissari Kim Chang Yong boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurgan. Mehmonlar ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov hamrohligida viloyat IIB faoliyati bilan tanishishgan.

Tashrif davomida bugungi kunda O‘zbekistonda, xususan, Samarqand viloyatida jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, chora-tadbirlar borasida tajriba almashuvi jarayoni bo‘lib o‘tgan.

Shuningdek, mehmonlar «Xavfsiz shahar» va «Xavfsiz turizm» konsepsiyalari doirasida viloyat IIBda barpo etilgan zamonaviy «Situatsion markaz», «102» tezkor tizimi imkoniyatlaridan foydalangan holda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirilgan.

Shuningdek, tashrif jarayonida koreyalik mehmonlarga Samarqandning turistik obektlarida xavfsizlikni ta'minlash amaliyoti namoyish qilingan.

Top