15:56 / 19.06.2021
12826
Sabzi narxining qimmatlashishiga Qishloq xo‘jaligi vazirligi izoh berdi

Ta'kidlanishicha, fevral va aprel oylarida havoning keskin sovib ketishi ertaki muddatda ekilgan sabzining pishishini 20-25 kunga uzaytirgan. Shu bois sabzining mavsumiy to‘liq yetilish va yig‘ishtirib olish muddati iyun oyining oxiriga to‘g‘ri kelmoqda.

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Nigora Xo‘jayeva oxirgi paytlarda nima sababdan sabzi narxlarining keskin oshib ketganligiga izoh berib o‘tdi.

«Joriy yilning aprel-may oylarida sabzining bozorlardagi o‘rtacha narxi 2000-2500 so‘mni tashkil etgan. Ammo, hozirgi paytda sabzining narxi keskin oshishi kuzatilmoqda. Bunga asosiy sabab sifatida fevral va aprel oylarida havoning keskin sovib ketishini ko‘rsatishimiz mumkin.

 Aynan shu sababli ertaki muddatda ekilgan sabzining pishishi 20-25 kunga uzayishi qayd etildi. Shu bois sabzining mavsumiy to‘liq yetilish va yig‘ishtirib olish muddati iyun oyining oxiriga to‘g‘ri kelmoqda. Bozorlarda talab ko‘payib ketib, taklif hajmining kamayishi narxlarga ta'sir o‘tkazgan.

Qayd etish kerakki, ayni paytda fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan g‘alladan bo‘shagan 40,5 ming gektar maydonlarga sabzi ekish rejalashtirilgan. Bu orqali ichki bozor ehtiyoji qoplanishi rejalashtirilgan», deya ta'kidladi Nigora Xo‘jayeva.

Avvalroq, Kun.uz’ga bog‘langan Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakili sabzi ekish tufayli bir necha yildan buyon ko‘rilgan zarar dehqonlarni boshqa ekin ekishga majbur qilgani va oqibatda narxlar ko‘tarila boshlaganini ma'lum qilgandi.

Shuningdek, sabzi narxi 11 ming so‘mgacha qimmatlashib ketgani xabar qilingandi.

Top