18:37 / 20.06.2021
9637

60 yevro konsullik to‘lovi, o‘zbekistonliklar uchun imtiyozlar – Belarus vizasini olish tartibi haqida

Foto: bigstockphoto.com

UzbekLife uchun tayyorlangan ushbu maqolada Belarus Respublikasi vizasi turlari, uni olish tartibi hamda vizaga qo‘yilgan turli xil cheklovlar va imtiyozlar haqida ma'lumot beramiz.

Kirish vizasini berish tartibi

Belarus Respublikasi vizasini olish uchun konsullik yig‘imi undiriladi. 2017 yil 1 yanvardan boshlab konsullik to‘lovi stavkasi 60 yevro miqdorida belgilangan. 14 yoshga to‘lmagan chet elliklar konsullik yig‘imidan ozod qilingan.

Belarus Respublikasi vizalari

Mamlakatga quyidagi kirish vizalari mavjud:

  • B - tranzit, 2 kun davomida amal qiladi;
  • C - qisqa muddatli, amal qilish muddati 90 kungacha;
  • D - uzoq muddatli, 90 kundan ortiq muddat.

Kirish vizasini olish uchun xorijlik shaxs Belarus  Respublikasining kirish vizalarini berish organlariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • tasdiqlangan shaklga muvofiq blankadagi viza so‘rovnomasining bir nusxasi;
  • bitta fotosurat (35 x 45 mm hajmdagi, yuz to‘liq ko‘ringan, yuqori sifatli tiniqlikda, siyohsiz, 70-80 foiz vertikal rasm o‘lchamlari yuzni egallashi kerak, rasm ishlangan muddat 6 oydan oshmasligi kerak);
  • chet elga chiqish uchun hujjat.

Kirish vizasini berish uchun chet elliklarning iltimosnomasiga binoan qaror konsullik mansabdor shaxsi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar, o‘tkazilgan tekshiruv natijalari va intervyu natijalari asosida 5 ish kuni (shoshilinch ravishda – 2 ish kuni) ichida ariza topshirilgan paytdan e'tiboran qabul qilinadi va yakuniy hisoblanadi.

Konsullik mansabdor shaxs vizaning amal qilish muddatini qisqartirishga, arizani ko‘rib chiqish muddatini davom ettirishga haqlidir. Konsullik mansabdor shaxsi vizaning rad etilish sabablarini ko‘rsatishi shart emas. Viza rad etilganda, viza so‘rovini ko‘rib chiqish uchun konsullik to‘lovi qaytarilmaydi.

Chet elliklarning Belarus  Respublikasi hududida qolish muddatini uzaytirish uchun chet el fuqarosi ro‘yxatdan o‘tgan joyidagi fuqarolik va migratsiya bo‘limiga quyidagilarni olish uchun murojaat qilish kerak:

  1. Chiqish vizasi;
  2. Vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma va agar kerak bo‘lsa, chiqish-kirish vizasi.

Safar maqsadlari va tegishli viza toifalari

Mazkur mamlakatga safarning maqsadiga qarab, quyidagi vizalar toifalari taqdim etiladi:

  • diplomatik;
  • xizmat;
  • biznes safar;
  • sport, madaniy, ilmiy, ta'limiy tadbirlar va amaliyotlarda ishtirok etish;
  • gumanitar dasturlarni amalga oshirish, shu jumladan, xorijiy bepul yordam ko‘rsatish, bolalarni sog‘lomlashtirishni tashkil etish, beg‘araz ishlarni amalga oshirish;
  • diniy aloqalarni mustahkamlash;
  • jurnalistik faoliyat;
  • xususiy biznes;
  • o‘qish;
  • ish;
  • turizm;
  • doimiy yashash uchun.

Turizm maqsadida kirish uchun viza

Turistik vizani o‘zingiz mustaqil olishingiz mumkin. Buning uchun Respublikada ro‘yxatdan o‘tgan sayyohlik kompaniyasining taklifnomasi bo‘lishi kerak. Taklifnomada sizni taklif qilayotgan kompaniya haqidagi ma'lumotlar (nom, manzil, litsenziya raqami) va siz haqingizda (ism, pasport ma'lumotlari, mamlakatda bo‘lish muddati), shuningdek, siz buyurtma qilgan va to‘lagan xizmatlar bo‘lishi zarur. Ushbu hujjatlar kompaniya direktori tomonidan imzolangan va kompaniya muhri bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.

Belarus  Respublikasining elchixonasi yoki konsullik idorasiga murojaat qilganingizda, sizda amaldagi pasport, viza uchun ariza, Belarus Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan sayyohlik kompaniyasi taklifnomasi va albatta, konsullik bojini to‘lash uchun pul bo‘lishi kerak. Konsullik yig‘imi miqdori viza turiga (individual, guruh) va fuqarolikka bog‘liq.

Kirish uchun viza berishni rad etish

Belarus davlati qadimdan mehmondo‘stligi bilan mashhur. Biroq, ayrim hollarda, mamlakat qonunlariga muvofiq, elchixona va konsullik idoralari chet el fuqarosiga kirish vizasini berishdan bosh tortishga majbur. Bu holda viza berilgan taqdirda ham, chegara xizmati xodimlari chet el fuqarosini Belarus Respublikasiga ma'lum holatlarda kiritmaslik huquqiga ega.

Buning oldini olish uchun chet el fuqarosiga qaysi hollarda viza olish yoki Belarus  Respublikasiga kirish taqiqlanganligini bilishingiz kerak. Quyida keltiriluvchi muayyan vaziyatlar viza berishni rad etish uchun asos bo‘la oladi:

  • Xorijlik shaxs davlat chegarasini kesib o‘tish qoidalarini yoki bojxona qoidalarini buzgan bo‘lsa. Ammo, agar ushbu huquqbuzarlik bartaraf etilsa, chet el fuqarosiga mamlakatga kirishga ruxsat berilishi mumkin;
  • Chet el fuqarosi Belarusda yoki boshqa mamlakatda jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan va sudlanganligi olib tashlanmagan yoki bekor qilinmagan bo‘lsa;
  • Chet el fuqarosi Belarus Respublikasida bo‘lganida bir yil ichida 2 va undan ko‘proq marotaba ma'muriy javobgarlikka tortilgan, shuningdek, javobgarlik muddati hali tugamagan bo‘lsa;
  • Xorijlik shaxs Belarus Respublikasida bo‘lganida ma'muriy javobgarlikka tortilgan, jarimaga tortilgan va jarimani o‘z vaqtida to‘lamagan bo‘lsa;  
  • Chet el fuqarosi Belarusda bo‘lish xarajatlarini qoplash uchun zarur bo‘lgan mablag‘ga ega ekanligini tasdiqlay olmasa yoki keyinchalik ushbu kerakli miqdorga ega bo‘lishiga kafolat bera olmasa;
  • Chet el fuqarosining avvalgi tashrifi paytida uning vaqtincha bo‘lish muddati tugagan bo‘lsa;
  • Elchixona va konsullik idoralari xodimlari, shuningdek, chegara xizmati xodimlari chet ellik shaxsning vaqtincha bo‘lish muddati tugaganidan keyin respublikada qolishi mumkinligi haqida shubhalarga ega bo‘lsa.

Bojxona rasmiylashtiruvi, bojxona to‘lovlari va boshqalar

Belarus Respublikasiga kirish va chiqishda bojxona rasmiylashtiruvi, shuningdek, to‘lov olinmaydigan tovarlar turi va miqdori to‘g‘risida Belarus  Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi rasmiy saytida batafsil ma'lumot keltirib o‘tilgan. Unga asosan, quyidagi tovarlardan bojxona to‘lovlari olinmaydi:

  • Bojxona ittifoqining bojxona hududiga bagajda olib kiriladigan transport vositalaridan tashqari, shaxsiy foydalanish uchun tovarlar;
  • Bojxona qiymati 1500 yevroga teng bo‘lgan va umumiy vazni 50 kilogrammdan oshmaydigan shaxsiy foydalanish uchun mahsulotlar;
  • 3 litrdan ko‘p bo‘lmagan spirtli ichimliklar va pivo;
  • 50 ta sigara (sigareta) yoki 250 gramm tamaki yoki umumiy og‘irligi 250 grammdan oshmaydigan assortimentda ko‘rsatilgan mahsulotlar,
  • Bojxona qiymati 25000 AQSh dollaridan oshmaydigan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar;
  • Umumiy qiymati 10000 AQSh dollaridan oshmaydigan naqd pul mablag‘lari (naqd pulning bir martalik importi (eksporti) ushbu umumiy summadan, ya'ni 10000 AQSh dollariga ekvivalent miqdoridan oshganda olib kelingan naqd pullarning barchasi uchun yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini topshirish orqali yozma ravishda bojxona deklaratsiyasiga kiritilishi kerak);
  • Kameralar, videokameralar, bojxona ittifoqining bojxona hududida vaqtincha bo‘lish davrida foydalanish uchun zarur bo‘lgan miqdorda ularga tegishli bo‘lgan 1 birlikdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
  • Radiopriyomniklar, flesh-pleerlar bojxona ittifoqining bojxona hududida vaqtincha bo‘lish davrida foydalanish uchun zarur bo‘lgan miqdorda ularga tegishli bo‘lgan 1 birlikdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
  • Uyali telefonlar 2 donadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
  • Portativ shaxsiy kompyuterlar (noutbuklar) 1 donadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Belarus  Respublikasiga kirish/chiqish tartibi

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Belarus  vizalarini rasmiylashtirmasdan Belarus  Respublikasiga kirishlari, chiqib ketishlari va tranzit qilishlari mumkin. Belarus  Respublikasining Davlat chegarasini kesib o‘tishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, qoida tariqasida, quyidagilarga ega bo‘lishi kerak:

  1. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amaldagi biometrik pasporti;
  2. To‘ldirilgan migratsiya kartasi shakli;

Shuningdek, majburiy tibbiy sug‘urta shartnomasining yoki xorijiy sug‘urta tashkiloti bilan tuzilgan tibbiy sug‘urta shartnomasining bo‘lishi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Belarus  Respublikasining Davlat chegarasini kesib o‘tishda majburiy emas.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Belarus  Respublikasiga bir oydan kam muddatga kirishda har bir qolish kuni uchun Belarusda o‘rnatilgan bazaviy miqdorning 2 baravariga teng hajmda mablag‘ga ega bo‘lishi kerak. Belarus  Respublikasiga bir oydan ko‘proq muddatga kirishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bazaviy miqdorning kamida 50 baravariga teng miqdordagi mablag‘ga ega bo‘lishlari kerak.

Ma'lumot uchun: 2018 yil 1 yanvardan boshlab bazaviy qiymat mos ravishda 24,5 belarus  rublini tashkil etadi, mos ravishda bazaviy qiymatning 2 baravari – 49 belarus  rubli, 50 baravari – 1225 belarus  rublini tashkil etadi.

Davlatbek Asadov tayyorladi

Mavzuga oid
Top