08:20 / 20.06.2021
7479
Britaniyaliklar koronavirusga qarshi yangi dori topishdi

Farmatsevtlar, shifokorlar va olimlar koronavirusning og‘ir shakli bilan kasallanganlar uchun yangi dori topishdi. Antitanachalardan iborat bu kokteyl hammani bo‘lmasa-da, ko‘pchilikning hayotini saqlab qola oladi.

Yangi va narxi anchagina qimmat bo‘lgan bu vosita laboratoriya sharoitida olingan ikki turdagi antitanachalar aralashmasidan iborat bo‘lib, tomirostiga yuboriladi va virusni zararsizlantirishga yordam beradi.

Britaniyaning kovidga qarshi vosita izlovchi Recovery trial dasturi doirasidagi sinovlar bu vosita og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan bemorlarning har uchinchisiga yordam bergan.

Ekspertlarning hisob-kitobiga ko‘ra, bu vosita har yuzinchi bemorning olti nafarining hayotini saqlab qoladi.

Monoklon antitanachalardan iborat dorini (bir hujayradan klonlangan) AQShning Regenoron kompaniyasi ishlab chiqaradi va narxi 1400 dollardan 2800 dollargacha bo‘lishi mumkin. Bu dori bilan koronavirusga qarshi kurashayotgan va tananing o‘zi antitana ishlab chiqara olmaganlarnigina davolash mumkin.

Britaniyada tegishli tajribalarda bu dorini minglab bemorlarga berib ko‘rishdi va u quyidagilarni sezilarli darajada kamaytirishini aniqlashdi:

  • O‘lim xavfi;
  • Kasalxonada bo‘lish muddati;
  • Sun'iy nafas oldirish apparatiga bo‘lgan ehtiyoj.

«Mening omadim chopdi, bu sinovlar ortda qoldi, kasalxonaga tushib, ushbu dorini oldim. Shuningdek, men sinovlarda qatnashib, dori foyda berishini aniqlashda nafim tekkanidan baxtiyorman», deydi 37 yoshli Kimberli Fezerstoun.

Sinov rahbarlaridan biri, Oksford universiteti tibbiyot va epidemiologiya professori ser Martin Lendrining aytishicha, yangi vosita og‘ir ahvoldagi bemorlarning beshdan birini o‘limdan olib qoladi.

«Biz virusga qarshi davolashda – bu holatda shu antitanachalarni – qo‘llab, davolash imkoniyati qolmagan patsiyentlar uchun o‘lim xavfini uchdan birga qisqartiryapmiz», deydi professor.

Deksametozon bilan qorishtirish

Yangi vosita yallig‘lanishga qarshi steroid dori – deksametozon bilan birga qo‘llandi. Shifokorlar biroz avval deksametozon ahvoli og‘ir bemorlarning koviddan o‘lish xavfini taxminan uchdan birga qisqartirishini aniqlashgandi.

Sinovlarning yana bir rahbari, Oksford universiteti professori ser Piter Hornbining aytishicha, shifokor va olimlar antitanalar bilan davolashning samaradorligiga shu paytgacha shubha bilan qarashardi: boshqa sinovlar ijobiy natija bermagandi.

Masalan, bemorlarni ularning tanasiga koronavirus bilan og‘rigan boshqa bemorlarning antitanalari bor plazmani yuborish muvaffaqiyatsiz bo‘lib chiqdi.

Biroq Recovery trial dasturi doirasida sinovlardan o‘tgan yangi vosita tarkibida laboratoriyada yaratilgan sun'iy antitanalar ko‘proq va ular koronavirusga hujayralarni shikastlash imkonini bermaydi.

«Virusga bunday aniq hujum organizmi antitana ishlab chiqara olmaydigan bemorlar orasida o‘limni kamaytirishini aniqlash ajoyib», deydi Piter Hornbi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top