22:14 / 20.06.2021
22494
«Nasaf»da nima gaplar? Ro‘ziqul Berdiyev bilan suhbat

O‘zbekiston milliy jamoasining JCh-2022 saralashidagi muvaffaqiyatsizligi ko‘pchilik muxlislarni ranjitdi, futbolimiz juda yomon holatga tushib qolganidan odamlar xafa bo‘ldi. Biroq Tribuna.uz oldinroq o‘zbek futbolidagi xursand bo‘lishga arzigulik bir jihat (balki eng asosiysidir) haqida ko‘rsatuv suratga olgan edi.

#FootWeek'ning yangi sonini suratga olish uchun Qarshida bo‘ldik. Havo 50 darajagacha ko‘tarilgan issiqda Qarshiga borishni tasavvur qilavering. Lekin ikki narsa safar davomida issiqdan qiynalmasligimizga yordamchi bo‘ldi. Avvalo mashina uchun sovutgich ixtiro qilgan odam. Uning kimligini eslolmadik, kim bo‘lsa ham baraka topsin. Undan keyin borgan yerimiz Qarshining o‘rtasida bo‘lsa ham bahavo edi.

Ha, «Nasaf» klubining Qarshidagi bazasi daraxtzor ichida joylashgan va juda bahavo edi. Bunday sharoitda shug‘ullanadigan yigitlarning o‘yinlari nega yaxshi ekanini tushungandek ham bo‘ldik. Klub bazasi bilan klub murabbiyi va bugungi qahramonimiz Ro‘ziqul Berdiyevning o‘zi tanishtirib chiqdi. Bir narsani e'tirof etish kerakki, murabbiyning «Nasaf»dagi avtoritetini ko‘rib yaxshi ma'noda hayron qoldik. Barcha futbolchilar murabbiyni qattiq hurmat qilisharkan.

Ro‘ziqul Berdiyev «Nasaf»ning OFK kubogidagi o‘yinlaridan ko‘ngli to‘lganini, bo‘lajak raqibni ham o‘rganayotganini aytdi. Murabbiyning fikricha, OChL hamda OFK kubogi o‘rtasida farq katta. Shunday bo‘lsa-da, murabbiy Qarshi klubi musobaqaga mintaqadagi jamoalardan kuchli ekanini ko‘rsatish maqsadida borganini aytdi. Berdiyevning aytishicha, «Nasaf» OFK kubogi orqali OChLga chiqishga harakat qiladi.

Berdiyev o‘z jamoasidan qaysi futbolchining ketishi og‘ir bo‘lganini gapirar ekan Dragan Cheranni alohida ta'kidladi. «Cheranni olib kelganda uning atrofida jamoa tuzishni maqsad qilgandik. Uni yoshlar ham alohida hurmat qilishardi. Marko ham hozirgi yetakchimiz, lekin Cheran bergan narsani boshqa futbolchilar berolmaydi», deydi Berdiyev.

Murabbiy jamoadan doimiy futbolchilarning ketishi haqida gapirib, bundan unchalik xursand bo‘lmasligini, shuningdek, futbolchilar tekinga ketib qolayotganidan xafa bo‘lishini aytdi. «Futbolchining savdosidan pul ishlash kerak. Chunki klub rivojlanishi uchun pul zarur. O‘tgan yil 6 oylab maosh olmadik, futbolchilar o‘zi xohlagan shartnoma ololmadi. Moliyaviy barqarorlik juda muhim. Hozir hammasi iziga tushmoqda, shartnomalar yangilanyapti», deydi murabbiy.

«Voha Fergyusoni»

Ro‘ziqul Berdiyevga uni ser Aleks Fergyusonga o‘xshatishimizni aytdik. Murabbiy bunga shunday javob berdi: «Fergyusonga o‘xshatib, biroz oshirib yubordingiz deb o‘ylayman. Meni klubda ushlab turgan narsa shuki, menga bu yerda hamma sharoit yaratilgan. Albatta, klublardan taklif bo‘ladi, hozir ham takliflar bor. Menga boshqa klublar moliyaviy va maqsad jihatdan yaxshiroq taklif bo‘lgan, lekin menga kerak sharoit «Nasaf»da bor. Murabbiyga nima kerak? Yaxshi maydon, yaxshi ta'minot, futbolchilarning bazada yashashi. Bu ishimga yengillik beradi».

Berdiyev O‘zbekiston milliy jamoasida ishlashi haqidagi savolga javob berdi. Murabbiy bir hafta milliy jamoani boshqarganini shunday esladi: «O‘shanda menga bitta o‘yinga jamoani tayyorlaysiz deyishdi va xorijlik murabbiy olib kelinishini tushuntirishdi. Menga saralashda qatnashgan futbolchilarni, legionerlarni ham chaqirmaslikni aytishdi. Shunchalik bo‘ldiki, bizni hech kim kutib ham olmagan. O‘zim bilan birga borgan ma'murga maket (taktika tushuntiriladigan narsa) olib keldingizmi, taktikani tushuntirishim kerak, desam, shu ham yo‘q. Bu narsalardan xafa bo‘lganim ham yo‘q to‘g‘risi».

Berdiyev «Nasaf» bilan oxirigacha ishlaysizmi, deb berilgan savolga shunday javob berdi: «Men ish joyini o‘zgartirishni juda xohlaydigan murabbiy emasman. Murabbiy uchun asosiysi ishonch. Agar menga ishonishsa, oxirigacha «Nasaf»da ishlashga tayyorman».

Bobur Akmalov suhbatlashdi
Tasvirchi va montaj ustalari – Otaxon Yusupov, Muhammadjon G‘aniyev

Top