17:01 / 20.06.2021
15883

«Yana oltin sotish boshlandi, davlat xaridlaridagi qoidabuzarliklar, yangi banknotalar bo‘yicha javoblar» – haftaning iqtisodiy xabarlari

Iyun oyining uchinchi haftasida ham mamlakat iqtisodiyotiga oid bir qancha yangiliklar ro‘y berdi. Kun.uz haftaning eng muhim iqtisodiy xabarlarini to‘pladi.

Birjada AI-80 markali benzin narxi oshdi

AI-80 markali avtomobil benzinining boshlang‘ich narxi 2,2 foizga ko‘tarildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan haftada yonilg‘ining o‘rtacha kunlik narxi bir tonna mahsulot uchun 6 mln 715 ming so‘mdan 6 mln 860 ming 300 so‘mgacha oshgan.

«Inflatsiya va dollar kursiga ta'siri yo‘q» – yangi banknotalar bo‘yicha savollarga javoblar

Markaziy bankka ko‘ra, yangi 2000 va 20000 so‘mlik banknotalar muomalaga chiqarilishining milliy valuta qadriga, pul massasiga yoki inflatsiya darajasiga hech qanday ta'siri bo‘lmaydi. Yangi banknotaning muomalaga chiqarilishi qo‘shimcha pul mablag‘lari sifatida ko‘rilmasligi kerak.

Aholiga naqd puldagi to‘lovlarni amalga oshirishda qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida chiqarilayotgan mazkur pul belgilari muomalada bo‘lgan boshqa banknotalarning o‘rniga chiqariladi. Ya'ni muomaladagi naqd pul mablag‘lari hajmida ham, iqtisodiyotdagi pul massasi hajmida ham o‘zgarish bo‘lmaydi.

Iqtisodiyotdagi pul massasi o‘zgarmaganidan keyin yangi muomalaga chiqarilayotgan banknotalar inflatsiya darajasiga va so‘mning almashuv kursiga ta'sir etmaydi.

Ikki oy ichida davlat xaridlariga doir 101 mlrd so‘mlik qonunbuzarliklar aniqlandi

2021 yil may-iyun oylarida o‘tkazilgan davlat xaridlarida budjet buyurtmachilari tomonidan qiymati 101,5 mlrd. so‘mlik 324 ta tanlovda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi va «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunlarning talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan

Davlat xaridlariga oid qonunchilik talablari buzilishi eng ko‘p Andijonda 20 mlrd. so‘mlik (51 ta), Toshkent shahrida 19,5 mlrd. so‘mlik (51 ta) va Samarqand viloyatida 12,8 mlrd. so‘mlik (52 ta) qayd etilgan.

Andijonda ham elektromobil zavodi quriladi

Andijon viloyatida ham elektromobillar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavod quriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Andijon shahri tamal toshi qo‘yilishiga oid tadbirda e'lon qildi.

«Xitoy tajribasini o‘rganamiz, Andijonda elektromobillar zavodini quramiz. Zamon shiddat bilan o‘zgaryapti, sanoat ilmga asoslanishi kerak», deya ta'kidlagan Shavkat Mirziyoyev.

May oyida O‘zbekiston qariyb 1,2 milliard dollarlik oltin sotdi

2021 yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi (TSA) 14,5 milliard dollarni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 1,7 mlrd dollarga yoki 13,2 foizga ko‘paygan. Lekin bu ko‘rsatkich 2019 yilning dastlabki 5 oyidagi natijalaridan 5,5 foizga kam.

Tashqi savdo tiklana boshlashining asosiy sabablaridan biri sifatida may oyida oltin eksport qilinganini ham keltirish mumkin. Xususan, o‘tgan oy davomida 1,2 milliard dollarlik oltin sotilgan.

Top