14:19 / 21.06.2021
10864
Andorra-la-Vella – mitti davlatning mitti poytaxtiga sayohat (foto)

Yaqinda dunyoning eng kichik davlatlaridan biri bo‘lmish Andorraning poytaxti – Andorra-la-Vellaga tashrif buyurdik. Tog‘lar bilan qurshalgan ushbu davlat aholisi atigi 77 ming kishi atrofida. Butun davlat hududi 468 kilometr kvadrat - O‘zbekiston hududidan deyarli 1000 barobarga kichik.

UzbekLife uchun mitti davlatning mitti poytaxtiga bo‘lgan kichik sayohatimizni bo‘lishamiz.

1. Mamlakatda xorijliklar uchun internet juda qimmat. Masalan, Andorra-la-Vellaga kelgach, mehmonxonani topib olish uchun ispan SIM-kartamiz – «Lebara»ning rouming xizmatini yoqqandik. Google xaritasidan mehmonxona manzilini ko‘rib oldik. Bunga 88 kilobayt ketibdi. Shu 88 kilobayt, megabayt emas, KILOBAYT uchun 1,5 yevro (!), ya'ni taxminan 19 ming so‘m olibdi.

Biz qolgan mehmonxona derazasidan ko‘rinib turuvchi manzara

Keyin «Lebara»ning rouming xizmatiga qarasam, Andorrada ishlatilgan 1 megabayt uchun 15 yevro (taxminan 190 ming so‘m) olarkan.

Rouming bo‘lmas ekan, undan ko‘ra, Andorraning o‘zidan SIM-karta olib ishlatamiz, deb o‘yladim. Lekin chuchvarani xom sanagan ekanman. Andorradagi yagona mobil operator Andorra Telekomdan bitta SIM-karta olish xorijlik sayyoh uchun 30 yevro (taxminan 360 ming so‘m)ga tusharkan. Keyin 1 hafta uchun 5 yevroga 500 megabayt sotib olsangiz bo‘larkan.

Lekin poytaxt bo‘ylab avtobus bekatlari, turli markaziy supermarket va parklarda bepul Wi-Fi tarmog‘i mavjud deb o‘qidim. Shundan so‘ng SIM-kartasiz, umumiy Wi-Fi tarmog‘idan foydalanib shahar kezishga qaror qildik.

Mehmonxona yaqinidagi avtoturargoh

2. Ingliz tilini biluvchilar juda kam. Andorraga bormoqchi bo‘lsangiz, buni oldindan hisobga oling. Aholi katalan, ispan va fransuz tillarini biladi. Lekin ingliz tilini biluvchilarni deyarli uchratmaysiz. Tashqarida yurganda ayrim muhim narsalarni so‘rash kerak bo‘lib qolsa,lug‘atdan foydalanishga to‘g‘ri keladi.

Andorra-la-Velladagi odatiy ko‘chalardan biri. Shahardagi aksariyat ko‘chalarning ikki yoni turli manzarali daraxtlar bilan qoplangan.

 3. Andorraning tabiati, tog‘lari, bahavo qirlari, chang‘ida uchish, tog‘li hududlarda velosipedda sayr kabi mashg‘ulotlar uchun borsangiz arziydi. Tabiat va u bilan bog‘liq mashg‘ulotlarga qiziqmasangiz, Andorra siz uchun maqbul sayohat manzili bo‘lmasligi mumkin. Yevropa aholisi orasida ham Andorra o‘zining chang‘i uchish sharoitlariga ega tog‘lari bilan mashhur.

Poytaxt ichidan oqib o‘tuvchi Gran Valira daryosi tufayli shahar havosi salqin. Shuningdek, havoning tozaligi ham e'tiborimni tortdi. Havo tozaligiga sabab shaharning tog‘lar qurshovida joylashgani va daraxtlarga boyligi bo‘lsa kerak.

Andorra-la-Vella shahridan oqib o‘tuvchi Gran Valira daryosi
Gran Valira daryosi
Gran Valira daryosi bo‘ylab qurilgan piyodalar yo‘lagi

 4. Andorraga borishdan oldin Mapsme ilovasini va unda Andorra xaritasini yuklab oling. Mapsme ilovasi oflayn holda ishlaydi, manzillarni topishda internetsiz foydalanaverasiz. Juda asqatadi. Poytaxt nihoyatda kichik (12 kilometr kvadrat) bo‘lgani sababli uni aylanib chiqish uchun transport vositasi shart emas, piyoda kezib chiqsangiz bo‘ladi.

Quyida Andorra-la-Vella shahri manzaralari bilan tanishishingiz mumkin.

XVI asrda qurilgan Kasa-de-la-Vall qasri. Hozirda ushbu binoda Andorra bosh kengashi (parlamenti) faoliyat yuritadi.
Shahardagi Sant-Esteve cherkovi
Sant-Esteve cherkovining ichi

Yevropaning ko‘pgina shaharlari kabi Andorra-la-Vellada ham har-har yerda suv kranlari o‘rnatilgan. U yerdan suv ichishingiz yoki suv idishingizni to‘ldirib olishingiz mumkin.

Shahardagi suv kranlardan biri

 Poytaxtdagi mashhur yodgorliklardan biri «Vaqt oliyjanobligi» (The Nobility of Time) asari hisoblanadi. 1984 yilda ishlangan mazkur yodgorlik to 2010 yilda Andorra-la-Vella shahri markaziga o‘rnatilguniga qadar ko‘plab boshqa shaharlarni kezib chiqqan.

Asarda erib ketayotgan soat tasviri bo‘lib, bu vaqtning o‘tishini ifodalaydi.

«Vaqt oliyjanobligi» yodgorligi
Gran Valira daryosi bo‘yidagi mo‘'jaz bog‘
Gran Valira daryosi bo‘yidagi bog‘: bolalar bir-biri suv sepib o‘ynamoqda.
Shaharning quyi qismi ko‘rinishi, surat shaharning yuqori qismidan olingan.

Maqsud Salomov,

UzbekLife’ning Ispaniyadagi kolumnisti

Top