20:26 / 21.06.2021
2180

Ortda qolgan yarim yilda 137 mingdan ortiq samarqandliklar «qizil pasport» oldi

Samarqand viloyatida yil boshidan buyon 137 047 nafar fuqaro xorijga chiqish pasportini olgan. Bu haqda viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilda Samarqand viloyatida 137 047 nafar fuqaro xorijga chiqish pasportini olgan. 45 389 nafar fuqaro shaxsni tasdiqlovchi ID olgan.

Urgut tumani IIO FMB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limining ma'lum qilishicha, viloyatning aholisi eng ko‘p bo‘lgan bu tumanida joriy yilda 22 213 nafar fuqaro xorijga chiqish pasportini olgan. 6110 nafar fuqaro shaxsni tasdiqlovchi ID olgan.

Ma'lumot uchun, «Aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilingan.

Farmonga asosan, 2021 yil 1 iyundan:

  • 7 ta turdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini (tug‘ilish, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralish, o‘lim, ism va familiyani o‘zgartirish, otalikni belgilash hamda farzandlikka olishni) qayd etish;
  • Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
  • Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi va fuqarolar O‘zbekistonning istalgan hududida mutasaddi tashkilot va idoralarga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

Ta'kidlanishicha, 1 iyundan boshlab viloyatdagi barcha tumanlarda va Samarqand shahrida boshqa viloyatlardan kelib yashayotgan yoki xizmat safarlarida yurgan fuqarolarga ham ularning murojaatlariga ko‘ra ID hamda xorijga chiqish pasportlari berilmoqda.

Top