11:48 / 23.06.2021
14554
«Ayolimni qutqarishga ulgurdim xolos» - uyi yonib ketgan vatandoshimizga ko‘maklashaylik

Xalqimizda bejizga «O‘t balosi, suv va tuhmat balosidan o‘zing asra», deb duo qilishmaydi. Bu ofatlarning ziyoni ancha katta.

Yong‘in shunday falokatki, bir umr yig‘ib, mehnat qilib qurgan imoratni bir zumda kulga aylantiradi. Afsuski, uning alangasini xotiradan ham o‘chirish qiyin. Sababi, u moddiy narsalarga qo‘shib, xotiralarni ham yondiradi.

Joriy yilning 10 iyun kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumani Samarqand darvoza mahallasi 63-uyda yong‘in sodir bo‘ladi. Natijada ikkita uy yonib kul bo‘ladi. Qo‘shni xonadonlarning tom qismi zararlanadi. Afsuski, uydagi hamma narsa yonib, kul bo‘ladi.

Ushbu xonadonga borib, yong‘in sodir bo‘lgan joylarni ko‘zdan kechirdik. Hozirda voqea joyida tozalash ishlari olib borilyapti. Qo‘ni-qo‘shnilar qo‘lidan kelgancha xonadon egalariga yordam berishmoqda. Xonadon egasi Abdug‘ofur aka Abdurasulov bilan suhbatlashdik. Uning aytishicha, uydan hech narsa olib chiqa olmagan.

«Ishdan kelsam, uy tutunga to‘la. Ayolimning ovozi chiqyapti. Boshqa hech narsa ko‘ringani yo‘q. Jon holatda ularni qutqarish uchun ichkariga kirdim. Yaxshiyam uyda kichkina bolalar yo‘q edi.

Qanday kirganimni bilmayman, ayolimni ovozi orqali topdim. To‘y-hashamlarda lagan chiqarishga deb, bir paytlar devorda teshik (fortochka) ochib qo‘ygandim, o‘shani kengaytirib, qo‘shni xonadonga chiqib, jon saqlab qoldik.

Afsuski, barcha narsamiz yonib kul bo‘ldi. Pasportlar, hujjatlar ham. Allohning bir sinovi ekan. Shukr, hech kim jarohatlanmadi.

Hozirda qo‘ni-qo‘shni qo‘lidan kelgancha yordam qilishmoqda. Issiq kunlarda tezroq ta'mirlab, oila-a'zolarimni bir joyga to‘plashim kerak. Hammamiz har yerda yashashga majbur bo‘lyapmiz.

Yaxshi insonlar ko‘magiga muhtojmiz. Hech kimning boshiga bunday kunlar tushmasin. Alloh uchun yordam bering, duo qilamiz», – deydi xonadon egasi Abdug‘ofur Abdurasulov.

Shu o‘rinda biz ham saxovatpesha yurtdoshlarimizdan mazkur oilaga befarq bo‘lmaslikni so‘rab qolamiz. Qo‘lingizdan kelgancha, imkoningiz yetganicha yong‘in talafotlarini bartaraf qilib, issiq kunlarda bir oilaning uyini tiklashga ko‘maklashing.

Xayriya mablag‘larini Abdug‘ofur Abdurasulovning o‘g‘li Abdurasulov Sardor nomiga ochilgan plastik kartaga o‘tkazib berishingiz mumkin:

Uzcard: 8600 0329 7962 8500 (Sanoatqurilishbank kartasi)

Visa: 4108 5901 1516 2375

Tel: +99890-024-48-48

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top