09:25 / 23.06.2021
2704
O‘zbekiston va Vengriya oliy ta'lim muassasalari rektorlari forumi bo‘lib o‘tdi

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI)da 2021 yil 21 iyun kunlari O‘zbekiston-Vengriya oliy ta'lim muassasalari rektorlari forumi o‘z ishini boshladi.

Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad esa O‘zbekiston va Vengriya OTMlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, ta'lim, ilm va innovatsiyani yanada rivojlantirishdan iboratdir.

Vengriya tomonidan forumda davlat kotibi, rektorlar konferensiyasi raisi, 21 ta OTM rahbarlari, O‘zbekiston tomonidan esa oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri, Respublika Oliy ta'lim Kengashi raisi, respublika doirasidagi 50 ga yaqin OTM rahbarlari ishtirok etdilar.

Forum avvalida Respublika Oliy ta'lim kengashi raisi, TIQXMMI rektori Umurzakov O‘ktam Pardayevich, oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Toshqulov Abduqodir Hamidovich, Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vazirligining Vengriya diplomatiya akademiyasi va “Stipendium Hungaricum” ta'lim dasturi masalalari bo‘yicha davlat kotibi Orsolya Patsai-Tomashichlar o‘zlarining qutlov so‘zlarini bildirishdi.

So‘ngra yalpi majlis ma'ruzalari boshlandi. Vengriya rektorlari Konferensiyasi raisi, Etvyosh Lorand universiteti rektori Laslo BORXI “Vengriyada oliy ta'lim: tizim faoliyati, o‘ziga xosliklari, yutuqlar va muammolar. Oliy ta'lim sohasidagi Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari”, Farg‘ona politexnika instituti rektori Salomov O‘ktam Rahimovich “O‘zbekistonda oliy ta'lim rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari. Islohotlar natijalari, muammo va istiqbol”, Vengriya rektorlari konferensiyasi Bosh kotibi Zoltan Dubetsin “O‘zbekiston-Vengriya OTMlarining ikki tomonlama aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari” mavzularida ma'ruzalari bilan chiqdilar.

Hamkorlikning ilk nishoni albatta, ta'lim dasturlarini birgalikda ishlash va buning natijasi o‘laroq, qo‘shma diplomlar berishni tizimli va manzilli asosda yo‘lga qo‘yishdir.

Ushbu forumning ahamiyatli jihati shundaki, hamkorlik tor sohada emas, balki keng qamrovliligi bilan xarakterlandi. Ular bilan kimyoviy texnologiyalar, energetika, mashinasozlik, sanoat texnologiyalari, biotexnologiya, sug‘orish va suv resurslari, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, farmakologiya, farmatsevtika sohalarida hamkorlik o‘rnatish va rivojlantirish masalalari bo‘yicha mutaxassislarning mulohazalari, qizg‘in bahs bilan kechgan savol-javoblari o‘zining ijobiy samarasini berishiga ishonch bildirildi. Buning zamirida Vengriya va O‘zbekistonning 16 ta OTM o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumlari imzolandi.

Forum kunning ikkinchi yarmida forum qatnashchilari to‘rtta shu'bada quyidagi muhim masalalarni muhokama qildilar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdilar.

Oliy ta'limda kredit-modul tizimi, afzallik va murakkabliklar nimalardan iboratligi, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlashning samarali tizimini yaratish, ta'lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasining imkoniyatlari, talabalar almashinuvi, stajirovkasi, grantlar ajratish va xalqaro hamkorlikning boshqa jihatlari bo‘yicha Toshkentdagi Forumning Rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Tizimli hamda manzilli reja, maqsad va hamkorlikdagi harakat o‘z natijasini berishi aniq.

TIQXMMI matbuot xizmati

Top