16:49 / 23.06.2021
6656
To‘xtab qolgan davlat xizmati islohoti uchun yangi muddat belgilandi

Davlat ishiga kirishda ochiq tanlov, mansab pog‘onalaridan ko‘tarilishda esa meritokratiyani belgilovchi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2021 yil 1 sentyabrgacha ishlab chiqilishi belgilanmoqda.

Foto: RIA Novosti

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasi e'lon qilindi.

Unga ko‘ra, 2021 yil 1 sentyabrgacha “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Unda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish;
  • xodimlarning kasbga oid fazilatlari va alohida xizmatlari (meritokratiya tamoyili) asosida xizmat pog‘onalarida ko‘tarilishining shaffof mexanizmlarini joriy etish.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish tartibi 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab joriy etilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar bilan ishlash, xo‘jalik ishlari, moliya-iqtisod bo‘linmalari va nazorat funksiyasiga ega tuzilmalar rahbarlarini muayyan muddatda rotatsiya qilish hamda suiiste'molchiliklarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha mexanizmlar yaratiladi. Tegishli takliflar 2 oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

1 sentyabrgacha Davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksi ishlab chiqilib, parlament palatalarining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadi.

Mehnat kodeksi va boshqa qonunlarga davlat xizmatiga qabul qilishda qarindosh-urug‘chilik va boshqa suiiste'molchiliklarning oldini olishga qaratilgan normalarni kiritish reja qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda davlat xizmati islohoti 2019 yilda boshlangan, ammo keyinroq bu boradagi vazifalar kun tartibidan tushib qolgandi.

2019 yilda Prezident huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tuzilgan edi. Tegishli farmonda:

  • “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini 2020 yil 1 fevralgacha,
  • Davlat fuqarolik xizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini 2020 yil 1 aprelgacha ishlab chiqish;
  • Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestrini 2019 yil 1 dekabrgacha tasdiqlash belgilangan edi.

Loyihalarda davlat ishiga kirishdagi ochiq tanlov, mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishdagi meritokratiya, kadrlar siyosatida KPI'ni asos qilib olish kabilar aytib kelinadi.

“Davlat xizmati to‘g‘risida”gi ilk qonun loyihasi 2017 yil yozida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishlab chiqilgandi. 2020 yilda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida” qonun loyihasini Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ishlab chiqib, muhokamaga qo‘ygandi.

Top