11:30 / 24.06.2021
9969
Ekoqo‘mita tizimida davlat budjetining 87,3 mlrd so‘m mablag‘lari noqonuniy sarflab yuborilgani aniqlandi

Noqonuniy sarflangan mablag‘lar yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimidagi tashkilotlarda nazorat tadbirlari o‘tkazdi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, 2017-2020 yillar bo‘yicha qo‘mita va uning tizimidagi budjet tashkilotlari hamda hududiy «Toza hudud» DUKlarida budjetdan ajratilgan va budjetdan tashqari mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishlarda jami 87,3 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan.

Jumladan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi va uning tizimidagi budjet tashkilotlarida xodimlarga ish haqi, mehnat ta'tili, moddiy yordam va mukofot pullarini hisoblashda xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi oqibatida 9,4 mlrd so‘m miqdoridagi budjet va budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari noqonuniy sarflab yuborilgan.

Bundan tashqari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi tizimidagi hududiy «Toza hudud» DUKlarga ajratilgan budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar maqsadli sarflanishida, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘lashda, maxsus texnikalar va chiqindi konteynerlarini xarid qilishda hamda chiqindi poligonlari qurilishida 77,9 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Qayd etilishicha, hududiy «Toza hudud» DUKlarida maxsus transport vositalaridan maqsadli foydalanilishida va yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini sarflash me'yorlariga amal qilinmagani natijasida 44,2 mlrd so‘m miqdorida mablag‘lar asossiz ravishda ortiqcha sarflangan.

Shuningdek, Buvayda tuman hokimining qarori bilan 2020 yilda poligon uchun ajratilgan hududda 470 mln so‘mga qurib bitkazilgan avtogaraj mazkur yilning noyabr oyida asossiz buzib tashlanib, budjet mablag‘lari samarasiz sarflanishiga yo‘l qo‘yilgan.

Hududiy «Toza hudud» DUKlar tomonidan «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonun talablariga rioya etilmasdan 11,3 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzilgan va xaridlar amalga oshirilgan.

«O‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi», deyiladi manba ma'lumotida. 

Avvalroq, Davlat moliyaviy nazorati departamenti davlat tashkilotlarida moliyaviy qonunbuzilishlar o‘tgan yilga nisbatan 5,7 baravarga ortgani, xususan, 2021 yil I choragida jami 211,2 milliard so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlanganini ma'lum qilgan.

Top