11:26 / 24.06.2021
3955

Farg‘ona shahrida qalbaki mineral o‘g‘it ishlab chiqarayotgan yashirin sex faoliyati fosh etildi

Farg‘ona shahrida qalbaki mineral o‘g‘it ishlab chiqarayotgan yashirin sex faoliyati fosh etilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro N.Q. yashirin sex tashkil qilib, «Ammofos-Maxam Ammophos» nomi ostidagi qalbaki yorliqlardan foydalanib mineral o‘g‘it ishlab chiqarib sotayotgani aniqlangan. Yashirin sexdan 1 dona qadoqlash dastgohi va 35 qop mineral o‘g‘it tayyorlashda qo‘shiladigan xomashyo ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, fuqaro N.Q. «A.K.» MChJ rahbari Sh. bilan oldindan til biriktirib, yashirin sexda ishlab chiqarilgan sifat sertifikati bo‘lmagan «Ammofos» mineral o‘g‘itini soxta hujjatlar orqali 46,8 million so‘mga sotib yuborgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top