16:07 / 24.06.2021
3074
MIB Samarqand viloyat boshqarmasi: 452ta oila yarashtirildi, aliment to‘lamagan 36 otaga jinoiy ish ochildi

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish sohasida joriy yilning o‘tgan 5 oyida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi.

MIB Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Zokirovning ma'lum qilishicha, 2021 yilning dastlabki 5 oyi davomida byuroning viloyat boshqarmasi va uning hududiy tarmoqlari tomonidan jami 2,5 trln so‘mlik 221 ming 120ta ijro hujjatlari yuzasidan ijro tadbirlari amalga oshirilgan.

Ushbu ijro ishlarining asosiy qismini, ya'ni qariyb 1,5 trln so‘mlik 116.272tasini sud organlaridan kelib tushgan ijro hujjatlari, 1 trln so‘mlik 104.603ta ijro hujjatlarini DSI, IIB, DSEOM va boshqa vakolatli organlardan kelib tushgan ijro hujjatlari tashkil etgan.

5 oy ichida boshqarma tomonidan jami 1 trln 543 mlrd 181 mln so‘mlik 107.825ta ijro hujjatlari bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilinib, 64.731ta ijro ishlari bo‘yicha amalda salkam 650 mlrd so‘m mablag‘ undirilgan. 

Joriy yilning 1 iyun holatiga aliment to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari 32 ming 162tani, MIB viloyat boshqarmasi ish yurituvidagi jami ijro ishlarining 28,3 foizini tashkil qiladi. Majburiy ijro tadbirlari natijasida aliment to‘lovchi qarzdorlardan jami 20,5 mlrd so‘mdan ortiq aliment pullari undiruvchilarga undirib berildi.

Qarzdor va undiruvchilar bilan olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasi mahsulida 452ta yosh oila yarashtirilib, oilalar tiklangan.  

Ijro ishlari bo‘yicha ishsiz, yordamga muhtoj, og‘ir ahvolga tushib qolgan aliment to‘lovchi qarzdorlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, ushbu toifaga kiruvchi 425 nafar aliment to‘lovchi otalar ishga joylashtirilib, ularning doimiy bandligi ta'minlangan.

Qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligi tamoyillariga tayangan holda, aliment to‘lovlarini to‘lashdan muntazam bo‘yin tovlab kelgan jami 385 nafar qarzdorlar Ma'muriy kodeksning 474-moddasi bilan ma'muriy javobgarlikka, 36 nafari esa Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan.

A.Zokirovning ma'lum qilishicha, 1 martdan boshlab voyaga yetmaganlarning aliment pullarini hisoblash va to‘lash ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu orqali alimentlarni yetkazishdagi pochta xarajatlari tejalmoqda. Alimentlarning oyma-oy, so‘zsiz to‘lab borilishini onlayn nazorat qilish imkoni yaratilmoqda.

Shu bilan birga, o‘tgan 5 oy davomida Byuroning viloyat boshqarmasi hududiy bo‘limlari ish yurituvida 635,22 gektar yer maydonlarida qurilgan qurilmalarni buzdirish bilan bog‘liq jami 4590 ta ijro hujjatlari mavjud bo‘lgan. 

Shu davrda amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari davomida 676 ta noqonuniy qurilmalar buzdirilib, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 201,76 gektardagi yer uchastkalari hokimiyat zaxirasiga qaytarilgan. 

A.Zokirov aynan mana shu ijro ishlarini amalga oshirish juda qiyin ekanligini ta'kidlab o‘tdi. Noqonuniy qurilgan uylarni buzish jarayonida xodimlarning xavfsizligi va salomatligini ta'minlash asosiy masalalardan biri ekanligini aytib o‘tdi.

Yig‘ilishda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi xodimlari jurnalistlarning savollariga javob berishdi. Jumladan, jurnalistlar tahririyatlarga fuqarolardan aliment undirish bo‘yicha murojaatlar keyingi oylarda keskin kamayganini e'tirof etishdi.

Sh.Shokirjonov

Top