17:39 / 24.06.2021
14134
Shavkat Mirziyoyev: Rahbarlar korxonalarning muammolarini yechishga yordam beryaptimi, svetini, gazini hal qilyaptimi?

Prezident so‘nggi 4 yilda sanoat, qishloq xo‘jaligi va servis loyihalari uchun 10 mlrd dollar investitsiyalar yo‘naltirilgani, 2017 yildan boshlab 83 mlrd dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilgani haqida ma'lum qildi.

Bugun, 24 iyun kuni davlat rahbari boshchiligida iqtisodiyot rivojida investitsiya va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha ishlar, natijalar va yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

«Bugungi yig‘ilishimizda hozirgi davrda har bir kelgan pulning davlatga qanday foydasi tegyapti, qancha ish o‘rni yaratyapti, qanday raqobatbardosh mahsulot yaratyapti, degan savollarga javob olishimiz kerak. Har bir hokim, rahbarlar yirik korxonalar, investitsion loyihalar ish bilan tanishyaptimi, ularning muammolarini yechishga yordam beryaptimi, svetini, gazini hal qilyaptimi, degan masalalarni muhokama qilishimiz lozim.

2017 yildan boshlab O‘zbekiston iqtisodiyotiga barcha manbalar hisobidan 716 trln so‘m (83 mlrd dollar) yoki oldingi davrga nisbatan 2 baravardan ziyod investitsiyalar o‘zlashtirildi. Shundan 26,8 mlrd dollarini xorijdan jalb qilingan mablag‘lar tashkil etadi. Bu nima uchun qilinyapti? Raqobatbardosh mahsulot va ish o‘rinlari yaratish uchun!

To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar – 10,6 mlrd dollar, davlat kafolati ostidagi loyihalar uchun – 8,4 mlrd dollar, kafolatsiz kreditlar – 6,6 mlrd dollar, bank va korxonalarning xalqaro obligatsiyalari – 1,2 mlrd dollarlik mablag‘ jalb qilindi.

O‘zlashtirilgan investitsiyalarning qariyb 65 foizi sanoat va infratuzilma loyihalariga to‘g‘ri keladi. Natijada, so‘nggi 4 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarkibida sanoatning ulushi 25 foizdan 33 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi esa 1,3 baravarga o‘sdi», deya davlat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top