17:00 / 24.06.2021
14018
Yevro-2020: Ispaniya ahmoqona avtogoldan keyin «quturdi», Shvetsiya ukrainlarni pley-offga olib chiqdi

Guruhdagi ikki durangdan keyin «Qizil furiya» nihoyat o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish etdi va Slovakiyani yirik hisobda yengib, pley-offga yo‘l oldi.

Yevro-2020. Ye guruhi
Slovakiya — Ispaniya — 0:5 
(0:2)
Gollar: Dubravka, 30 — avtogol (0:1). Lyaport, 45+3 (0:2). Sarabiya, 56 (0:3). Torres, 67 (0:4). Kutska, 71 — avtogol (0:5).
Aniq ijro etilmagan penalti: Morata, 12 (vratar)
Slovakiya: Dubravka, Gubochan, Pekarik, Shatka, Shkrinyar, Gamshik (Benesh, 90), Kutska, Duda (Lobotka, 46), Xaraslin (Vayss, 69), Xromada (Dyurish, 46), Mak (Suslov, 69).
Ispaniya: Simon, Aspilikueta (Traore, 77), Jordi Alba, Lyaport, Garsiya (Pau Torres, 71), Buskets (Tiagu Alkantara, 71), Koke, Sarabiya, Morata (Torres, 66), Moreno (Oyyarsabal, 77), Pedri.
Ogohlantirishlar: Duda, 12. Buskets, 40. Jordi Alba, 60. Shkrinyar, 90.
Hakam: Kaypers. van Rukel, Zaynstra (barchasi — Niderlandiya).
VAR: van Bukel. Blom (ikkisi — Niderlandiya), Gittelmann, Dankert (ikkisi — Germaniya).
23 iyun. Sevilya. «Olimpiyskiy» stadioni.

Hammaning tilidagi gaplar guruh bosqichining so‘nggi turi arafasida «Qizil furiya» lagerida ham yangray boshladi. Terma jamoaning eng tajribali futbolchisi Serxio Buskets shunday dedi: «Ispaniya termasiga g‘oliblik psixologiyasi yetishmayapti». JCh-2010 va Yevro-2012 turnirlarida g‘olib bo‘lgan bu inson buni hammadan yaxshiroq tushunadi. Shu bilan birga, Luis Enrike jamoasida g‘alaba qozonishdan boshqa yo‘l yo‘q edi va ispanlar yirik turnirlarda avval ham shunga o‘xshash vaziyatlarda qolishgan.

Gap o‘tgan asrdagi voqealar haqida ketmoqda. Yevro-1984da ham Ispaniya startdagi ikki durangdan keyin Germaniyani mag‘lub etib guruhdan chiqqan va yakunda finalga qadar yetib borgandi. O‘n yil o‘tib JCh-1994da shunday vaziyatda Boliviyadan o‘tilgan, Yevro-1996da esa — Ruminiyani mag‘lub etish shart bo‘lib qolgandi. To‘rtinchi urinish ham muvaffaqiyatli chiqdi.

Buskets omad haqida ham gapirgandi, Ispaniyaga bu borada ham muammolar kuzatilayotgandi. Bu slovaklarga qarshi o‘yin boshida ham bilindi — Born Kaypers videotakrordan keyin Xromada Kokening oyog‘iga o‘ynaganini qayd etdi va penalti belgiladi. Bir qarashda bu omaddek edi, ammo Morata darvozabonni alday olmadi. Ispanlar Yevropa chempionati tarixida yetti bor o‘yin vaqtida penaltidan foydalana olmagan va bu rekord ko‘rsatkichdir.

Ehtimol so‘nggi vaqtlarda tanqidlar ostida qolgan Morataga ishonch bildirish to‘g‘ri bo‘lmagandir. Gap faqat unga psixologik  bosimda emas, u «yaqqol vaziyatlarni yo‘qqa chiqarish bo‘yicha yetakchi» hamdir. WhoScored statistika portali ma'lumotiga ko‘ra, «Yuventus» forvardi Dubravkaga duelni boy berishi — to‘rtinchi yaqqol golli vaziyatni uvol qilishidir.

Lekin gap faqat Morataning o‘zidami? Avvalgi turda Polshaga qarshi o‘yinda «nuqta»ga Moreno yaqinlashgandi. La ligada Messi va Benzemadan keyingi uchinchi snayper bo‘lgan hujumchi bungacha qatorasiga 12 penaltini aniq ijro etgandi, bu safar ustunni ko‘zladi. Noyabrda shtatdagi penaltist Serxio Ramos esa Millatlar Ligasida Shveytsariyaga qarshi o‘yinda birato‘la ikki penaltini yo‘qqa chiqargandi. Yevro arafasida Litvaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida asosiy futbolchilar karantinga joylashtirilgan, maydonga o‘rinbosarlar jamoasi chiqqan, Abel Ruis esa 11 metrlik zarbalardan gol ura olmaslik an'anasini davom ettirgandi. Natijada — qatorasiga besh xato.

Ammo baribir Ispaniyaning omadsizliklari barham topdi va kutilmagan sovg‘a keldi. Bu vaziyatda barchasi slovaklarning orqaga xato pas berishi bilan boshlandi, to‘pni egallab olgan Sarabiya uzoqdan bergan zarba to‘singa tegib yuqoriga ko‘tarildi, to‘p pastga tushayotganida esa birinchi bo‘limning shu vaqtiga qadar qahramon bo‘lib turgan Dubravka uni maydon tashqarisiga yo‘naltirish o‘rniga, o‘z qo‘llari bilan darvoza ichiga urib yubordi.

Yevro-2020ning eng yaxshi to‘purari avtogol bo‘lib turibdi. Sevilyada Kutska ishtirokidagi yana bir goldan keyin — turnirdagi avtogollar soni 8taga yetdi. Bu 2000 yildan keyin o‘tkazilgan Yevropa chempionatlarining barchasidagi ko‘rsatkichdan yuqoridir. Avvalgi Yevropa birinchiliklarida darvozabonlarning avtogollari bo‘lmagan.

Sevilya quyoshida Slovakiya butunlay holdan toydi va tanaffusga qadar ikkinchi golni ham o‘tkazib yubordi — Ispaniya safida o‘ynashga qaror qilgan Lyaport terma jamoadagi ilk golini urdi. O‘yinning ikkinchi bo‘limi esa raqibni qiynashga aylanib ketdi, slovaklar ispanlar uchun korridadagi ho‘kiz vazifasini bajarib berishdi. Fernan Torres maydonga tushishidan 44 soniya o‘tib tovoni bilan estetik gol urishi - ispan toreadorining buqaga o‘limvor ukol urishi bilan teng bo‘ldi.

Ispaniya bir so‘z bilan aytganda, pley-off ishtirokchilari safiga yorib kirdi. Bunday o‘yin pley-offda ham davom etadimi, ko‘ramiz. Faqat Luis Enrike shogirdlari o‘yinlarni penaltilar seriyasigacha olib bormasliklari kerak, ular bu turnirda ham, 2018 yilgi jahon chempionatida ham 11-metrlik jarima zarbalarini ijro etish zaif tomoni ekanini ko‘rsatishdi. 

Polsha shvedlarga yutqazdi va so‘nggi o‘rinda qoldi. Shvetsiya va Ispaniyaning g‘alabasi Ukrainani pley-offga olib chiqdi

Yevro-2020. E guruhi
Shvetsiya — Polsha — 3:2
 (1:0)
Gollar: Forsberg, 2 (1:0). Forsberg, 59 (2:0). Levandovski, 61 (2:1). Levandovski, 84 (2:2). Klasson, 90+4 (3:2).
Shvetsiya: Ulsen, Lustig (Kraft, 68), Augustinsson, Lindelef, Danielson, Larsson, Ekdal, Kuayzon (Kulushevski, 55), Forsberg (Klasson, 78), Olsson, Isak (Berg, 68).
Polsha: Shchensni, Glik, Bereshinski, Bednarek, Puxach (Frankovski, 46), Krixovyak (Plaxeta, 78), Klix (Kozlovski, 73), Zelinski, Yujvyak (Shverchok, 61), Levandovski, Sviderski.
Ogohlantirishlar: Danielson, 10. Krixovyak, 74. Glik, 83.
Hakamlar: Oliver. Bennett, Bert (barchasi — Angliya).
VAR: Kavana. Bets (ikkisi — Angliya), Dingert (Germaniya), Attuell (Angliya).
23 iyun. Sankt-Peterburg. «Gazprom Arena» stadioni.

Shvedlar uchun Sankt-Peterburgdagi stadion omadli kelmoqda. Ular bu yerda o‘tgan turda Slovakiyani mag‘lub etishgandi (Forsberg penaltini aniq ijro etgan), uch yil muqaddam jahon chempionati 1/8 finalida Shveytsariyaga uyga javob berilgandi. O‘shanda o‘yin tomoshabop bo‘lmagan, ammo skandinavlar 1:0 hisobidagi g‘alabaga erishgandi. O‘yinda yagona golni Forsberg urgandi.

Yevro-2020 guruh bosqichining so‘nggi o‘yinida shvedlarga g‘alaba zarur emasdi — ular ikkinchi turdan keyin guruhda yetakchiga aylanib, pley-off masalasini hal qilishgandi. Nazariy jihatdan bu o‘yinda uch ochko suv va havodek zarur bo‘lgan polyaklar bilan kelishgan holda yutqazib berish ham mumkin edi. Muxlislar baxtiga Yevropa chempionati halol o‘tmoqda, buni shvedlar ikkinchi daqiqadayoq namoyish etishdi. Yana Forsberg gol urdi.

Shvetsiya termasi yarimhimoyachisi uchun «Gazprom Arena» stadioni ikki karra omadli. U Sankt-Peterburgda milliy jamoasi uchun ham, o‘z klubi uchun ham gol urgan. 2018 yilda «Leypsig» «Zenit» bilan durang o‘ynab, Forsbergning hissasi bilan Yevropa Ligasi chorakfinaliga chiqqan, 2019 yilda esa nemislar klubi peterburgliklarni YeChL guruh bosqichi doirasidagi o‘yinda mag‘lub etgan, Forsberg golli uzatma bergandi.

Forsberg Polshaga qarshi o‘yinning 2-daqiqasidayoq darvozani ishg‘ol etdi va turnirning eng tezkor goli muallifiga aylandi, turnir tarixidagi rekord esa 2004 yilgi Yevropa chempionatida keyinchalik chempionga aylangan Gretsiya darvozasiga tezkor gol urgan Dmitriy Kirichenkoga tegishli. Rossiyalik forvard uchun gol urishga 67 soniya yetarli bo‘lgandi, shvetsiyalik havbekka biroz ko‘proq — 81 soniya.

Shvedlar o‘zlari uchun klassik bo‘lgan 4-4-2 sxemasida o‘yinni boshlashdi, Polsha ham ko‘p yillik tajribadan o‘tgan 3-5-2 sxemasidan voz kechmadi. Ammo polyaklarning dastlabki ikki o‘yindagi taktikasi o‘zini oqlamagan, shvedlar ularning zaif nuqtalaridan xabardor edi. Shu bilan birga, kuchli tomonlaridan ham.

Umuman olganda, Polshaning kuchli tomoni barchaga ma'lum — Robert Levandovski. Ammo «Bavariya» forvardi milliy jamoada klubidagidan ko‘ra yomonroq o‘ynamoqda. Levandovski myunxenliklar safida bir metr masofadan turib to‘pni to‘singa tepishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Polsha safida esa — bu mumkin. Birinchi bo‘limda Levandovski bir daqiqa ichida ikki bor boshi bilan darvoza to‘sinini nishonga oldi — lekin bu u terma jamoada umuman gol urmaydi degani emasdi.

Shvetsiya birinchi bo‘lim oxiri va ikkinchi bo‘lim boshini bo‘sh o‘tkazdi, ammo birgina almashtirish o‘yinni yana o‘zgartirdi — Yevro boshlanishi arafasida koronavirusga chalinib qolgan Deyan Kulusevski maydonga tushishidan to‘rt daqiqa o‘tib gol yaratdi. Albatta, golni Forsberg urdi.

Hisob 2:0 ko‘rinishiga kelgach polyaklar kerakli natijadan butunlay umidini uzishi mumkin edi, agar ularning safida zamonaning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lmaganida. Ha, Levandovski terma jamoada «Bavariya»dagi kabi samaradorlik ko‘rsata olmadi. Ammo uning individual mahorati yo‘q bo‘lib ham qolmaydi. Ikkinchi goldan ko‘p o‘tmay u jarima maydoniga kirar-kirmas ajoyib zarba berdi, to‘p parashyut bo‘lib darvozaning uzoq «to‘qqizligi»ga borib tushdi.

Levandovskining goli Polsha uchun defibrillyatordek ta'sir qildi — polshaliklar oldinga intilishdi va tezda ikkinchi golni ham urishdi, ammo ofsayd tufayli gol bekor qilindi. Shvetsiya himoyasiga bosim davom ettirildi, Levandovski baribir hisobni tenglashtirishga erishdi.

Polyaklar uchun durang natija kamlik qilardi, ular pley-offga chiqish uchun yana oldinga chiqishdi.

O‘yinning yakuniy qismi shvetsiyaliklar darvozasini qamal qilish bilan o‘tdi, ammo skandinavlar turib bera olishdi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa  Klasson polshaliklarning umidlarini ko‘muvchi golni urib ketdi.

Shvetsiyaning natijasi va Ispaniyaning Slovakiya ustidan yirik hisobdagi g‘alabasi Ukrainani pley-offga chiquvchi jamoalar orasida qoldirdi. Yevro-2016da chorak finalda ishtirok etgan Polsha esa bu safar qit'a birinchiligini guruh bosqichida yakunlaydigan bo‘ldi.

Mavzu
Yevro-2020
Pandemiya tufayli kechiktirilgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionati 11 iyun kuni boshlanadi. Turnir ilk marta butun Yevropa bo‘ylab 11 shahardagi stadionlarda o‘tkaziladi.
Barchasi
Top