22:04 / 25.06.2021
37796
Afg‘onistondagi vaziyat: imkoniyati bor har bir kishi mamlakatni tark etish istagida

AQSh va Turkiyadan boshqa NATO davlatlari Afg‘onistondan 11 sentyabrgacha chiqib ketishni rejalashtirayotgan bir paytda poytaxt Kobuldagi xalqaro Hamid Karzay aeroportining xavfsizligi ko‘plab mamlakatlarni xavotirga solmoqda.

Foto: Reuters

Ayniqsa, G‘arb davlatlari agar aeroportning xavfsizligi ta'minlanmasa, ularning Kobuldagi diplomatik vakolatxonalarining kelajagi ham xavf ostida qolishini aytmoqda. Avstraliya Afg‘onistondagi elchixonasini yopishni e'lon qilgan ilk davlatlardan biri bo‘ldi.

Turkiya esa ushbu aeroport xavfsizligini ta'minlash uchun Afg‘onistonda qolishni rejalashtirmoqda. Ushbu voqealar fonida AQSh delegatsiyasi Turkiyaga tashrif buyurdi, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani muzokara uchun Vashingtonga bordi.

Toliblar Turkiyaning Afg‘onistonda qolishiga qarshi.

Xo‘sh, «Tolibon»ning Afg‘onistondagi faoliyati haqida nima deyish mumkin?

Harbiy vaziyat qanday?

AQSh qo‘shinlari mamlakatdan chiqib ketayotgan bir paytda «Tolibon» Afg‘onistonning 421 tumanidan 80tasini nazorat qilayotganini da'vo qilmoqda. BMTning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus elchisi Debora Layonsning BMT Xavfsizlik Kengashiga taqdim etgan ma'lumotlariga ko‘ra esa, Kobuldagi hukumat tumanlarning 50dan ortig‘ini qo‘ldan chiqargan, «Tolibon» so‘nggi paytlarda hujumlarga zo‘r berdi.

Bu hafta «Tolibon» Tojikiston chegarasidagi joylashgan Sherxon-Bandar shahrini egallab oldi.

«Tolibon» Afg‘oniston armiyasi chekinganini aytmoqda. Bu – hukumatning zaif istehkomlarni qoldirib, ko‘proq strategik nuqtalarni himoya qilish to‘g‘risidagi qarori bilan bog‘liq.

AFP axborot agentligining xabar berishicha, ikki kuch to‘qnashganda afg‘on armiyasi katta yo‘qotishlarga duch kelmoqda.

Garchi Ashraf G‘ani so‘nggi kunlarda shtab boshlig‘i va mudofaa vazirini almashtirgan bo‘lsa-da, katta o‘zgarish bo‘lmadi.

«Toliblar katta shaharlar atrofida o‘z kuchlarini ko‘paytirmoqda, ammo bu ularning shaharlarni tez orada olishga harakat qilishini anglatmaydi. Kobulning qulashi yaqin emas. «Tolibon» harbiy jihatdan yengib bo‘lmaydigan kuch emas», dedi Xalqaro inqiroz guruhi vakili Endryu Uotkins.

BMTning maxsus vakili Layonsning ta'kidlashicha, toliblar har bir mintaqaning markaziy shaharlari atrofini egallab olishga harakat qilmoqda. Ular ushbu shaharlarni chet el kuchlari chiqib ketganidan keyin egallab olishga urinishlari mumkin.

Afg‘on xalqi qanday munosabat bildirmoqda?

AFP ma'lumotlariga ko‘ra, imkoniyati bor har bir kishi mamlakatni tark etish istagida. Ko‘plab odamlarning birinchi tanlovi Turkiya.

Ma'lum qilinishicha, davlat amaldorlarining katta qismi o‘z oilalarini mamlakatdan olib chiqib ketishgan.

AQSh va boshqa NATO mamlakatlari esa Afg‘onistonda ular uchun ishlagan odamlarga viza berishda qiynalmoqda.

Bu odamlar toliblar boshqaruvni egallab olsa, o‘zlariga hujum qilinishidan xavotir olishmoqda.

Toliblar esa «aybiga pushaymon bo‘lgan» odamlarga zarar yetkazilmasligini, diplomatlar va xalqaro yordam tashkilotlari xodimlarining xavfsizligi kafolatlanishini aytmoqda.

Ammo bu masalada «Tolibon»ga ishonch juda past. Chunki ular 1998 yilda Eron konsulligiga kirib, aksariyati diplomat bo‘lgan 11 kishini o‘ldirgani va ikki yil oldin BMT binosida bo‘lgan sobiq prezident Muhammad Najibullohni o‘g‘irlab, qiynoqqa solib o‘ldirganini hech kim unutmagan.

Shu yil 9 iyun kuni mamlakat shimolida minalardan tozalash bo‘yicha xalqaro fond Halo Trust’ning 10 xodimi o‘ldirildi. Hujum uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi, hukumat «Tolibon»ni aybladi, toliblar esa buni rad etdi.

Afg‘oniston aholisining aksariyati o‘nlab yillar davomida davom etayotgan urush tugashini istamoqda.

To‘qnashuv va ziddiyatlarsiz kechgan 1960-yillarni ko‘pchilik «oltin davr» sifatida eslaydi.

«Hamma tinchlikni xohlaydi. Aksariyat afg‘on xalqi tinchlik nima ekanligini bilmaydi», dedi afg‘on ayollar tarmog‘i vakili Meri Akrami.

Ma'lumot o‘rnida qayd etish joiz, poytaxt Kobulda may oyida maktab yaqinidagi bomba portlashi oqibatida asosan qizlardan iborat bo‘lgan 85 o‘quvchi vafot etgandi.

Toliblarning kuchayayotgani sababli ko‘plab oilalar o‘z qizlarini maktabga jo‘natishdan xavotirlanmoqda.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top