12:31 / 25.06.2021
4031

Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga barcha hududlarda ham birdek mas'uliyat bilan yondashilmayapti - Senat

Senatning o‘n oltinchi yalpi majlisida mahallalardagi holat, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta'minlash masalalari muhokama qilindi.

Foto: Oliy Majlis Senatining axborot xizmati

Majlisda Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Q.Rafiqovning axboroti eshitildi.

Amalga oshirilgan ishlar bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga barcha hududlarda ham birdek mas'uliyat bilan yondashilmayapti. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishda sustkashlikka yo‘l qo‘yish holatlari ham uchramoqda. Bu borada vazirlik va idoralarning vertikal tizimi samarali ishlashi, o‘zaro mutasaddi idora tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish lozimligi ta'kidlandi.

Bundan tashqari, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” bilan ishlash borasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etildi.

“Yaratilgan imkoniyatlar va imtiyozlardan aholining, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami, shu jumladan, xotin-qizlar xabardorligi yetarli darajada emasligi, ushbu yo‘nalishdagi ishlarga ham alohida e'tibor qaratish lozimligi belgilandi.

Senatorlar tomonidan jamiyatda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta'minlash, oila munosabatlarini yanada yaxshilashga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi”, deyiladi xabarda.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Top