15:30 / 25.06.2021
6323

“Azm-u shijoatli yosh gidroenergetiklar” yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi

Foto: O‘zbekgidroenergo

Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, malakali va istiqbolli kadrlar zaxirasini tayyorlash – “O‘zbekgidroenergo” AJning ustuvor vazifalaridandir.

Jamiyat tasarrufidagi “Energetiklar sihatgohi”da “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi “Azm-u shijoatli yosh gidroenergetiklar” yoshlar forumi doirasida 130 nafar yuksak bilimli, zakovatli, tashabbuskor g‘oyalarga ega vatanparvar yoshlar umumiy g‘oya ostida birlashmoqdalar.

Forum doirasidagi sport musobaqalarida guruhlarga bo‘lingan yoshlar jamoalari sportning estafeta, darvozaga to‘p otish, bilak-mushaklari mashqlari hamda stol tennisi turlari bo‘yicha o‘zaro bahs olib bordi.

Sport tadbirlari yakunlangach, navbat “Zakovat” intellektual o‘yinlariga ulandi. Intellektual o‘yinlarda ishtirokchilarning bilim va zakovati, dunyoqarashi, mantiqiy va tezkor fikrlash darajasi baholandi.

Forumda “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi ishtirokida yoshlar uchun ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov tomonidan jamiyatda yoshlar uchun amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risida ma'lumot berildi. Mazkur forum yosh gidroenergetiklar o‘zaro tajriba almashish, ochiq muloqotlar olib borish keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi.

Forumda jamiyat tizim va korxona tashkilotlari rahbarlari hamda Toshkent arxitektura va qurilish instituti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mehanizatsiyalash muhandislari instituti, Islom Karimov nomidagi Toshkent politexnika universiteti rahbariyati mas'ullari ham ishtirok etdi.

Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov tomonidan “O‘zbekgidroenergo” AJ tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar va ularda yoshlarning hissasi, ularning tashabbuskorligi alohida e'tirof etildi.

Boshqaruv raisi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 iyundagi “2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Jamiyat boshqaruvi raisi tashabbusi va bevosita sa'y-harakati bilan Jamiyatning malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji yuzasidan takliflari inobatga olinib, joriy o‘quv yilidan boshlab, Toshkent davlat texnika universitetida “Gidroenergetika” ta'lim yo‘nalishi tashkil etilib, mazkur yo‘nalishda 5 nafar davlat granti, 45 nafar kontrakt-to‘lov asosida, jami 50 nafar talabalik baxtiga muyassar bo‘lishdi.

Toshkent arxitektura-qurilish instituti “Gidrotexnika inshootlari qurilishi (turlari bo‘yicha)” ta'lim yo‘nalishining qabul kvotasi 100 nafarga yetkazildi.

Shundan, kunduzgi bo‘limga 75 ta (5 ta davlat granti, 70 ta to‘lov-kontrakt asosida), sirtqi bo‘limga 25 ta (to‘lov-kontrakt asosida) o‘rin berildi. Jamiyatning ilmiy-pedagogik salohiyatga ega malakali mutaxassislari hamda oliy ta'lim professor-o‘qituvchilari ishtirokida ushbu yo‘nalishlarning bakalavriat va magistratura bosqichlari bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejasi va fan dasturlari ishlab chiqildi.

Muhokamalar jarayonida tashrif buyurgan OTMlar tomonidan bildirilgan murojaatlarga ham amaliy yordam berildi. 2021-2022 o‘quv yilida Toshkent arxitektura va qurilish institutining yangi binosida Toshkent viloyatida barpo etilayotgan yirik “Pskom” GESining yirik maketini o‘rnatish, iqtidorli talabalarning 10 nafari tizim tashkiloti “Gidroproyekt” AJga ishga qabul qilinishi aytib o‘tildi.

Shuningdek, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mehanizatsiyalash muhandislari instituti, Islom Karimov nomidagi Toshkent politexnika universitetida nazariy bilimlarni mustahkamlash uchun o‘quv laboratoriyasini yangi o‘quv yilida zamonaviy jihozlar bilan ta'minlagan holda foydalanishga topshirilishi aytib o‘tildi.

Mazkur forum yosh gidroenergetiklar uchun o‘zaro tajriba almashish, ochiq muloqotlar olib borishida keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati (T)

Top