10:44 / 25.06.2021
3845
Qurilish sohasi shaffof bo‘lishi lozim. Buning uchun yetarlicha asoslar yaratildi

Keyingi yillarda mamlakatimiz shahar-qishloqlarida ulkan turar joylar, maishiy xizmat binolari, zavod va fabrikalar bunyod etilmoqda. Bu aholining barcha qatlamlarini uy-joy bilan ta'minlash bilan birga, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratyapti.

Xususan, davlat rahbarining 2019 yil 20 sentyabrdagi “Qurilish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi qurilish sohasining yanada rivojlanishida tub burilish bo‘lgani haqiqat.

Mazkur qaror bilan Qurilish vazirligi faoliyatiga “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini joriy etish, uni markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalari, xususan, investitsiya loyihalari hisobidan moliyalashtiriladigan obektlar qurilishi jarayonida tajriba tariqasida ishga tushirish va bu tizimning 2021 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasining butun hududida real vaqt tizimida ishlashini ta'minlash belgilandi. O‘z navbatida, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi tomonidan muntazam amalga oshiriladigan vazifalar belgilab berildi.

Xususan, milliy axborot tizimiga, qurilish obektlarining manzilli dasturi, yillik manzilli ro‘yxat shakllantirilishi, loyiha-smeta hujjatlari bo‘yicha aniq va ishonchli ma'lumotlarning milliy axborot tizimi elektron bazasiga muntazam ravishda kiritib borilishini ta'minlash ko‘zda tutildi. Tugallangan loyiha-smeta hujjatlarining ekspertizadan o‘tkazilganiga oid elektron ma'lumotlar bazasini shakllantirish, buyurtmachi hamda pudratchi o‘rtasida tuzilgan shartnomalar va oyma-oy bajarilgan ishlar hisobotini yuritish, bajarilgan ishlarga nisbatan mutanosib ravishda moliyalashtirilgani to‘g‘risidagi aniq va ishonchli ma'lumotlar elektron bazasini shakllantirish, obektlar qurilishida ishtirok etayotgan barcha pudratchilar va yordamchi pudratchilar haqida ma'lumotlarni yig‘ish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, bajarilgan ish hajmlari asosida to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ish turlari bo‘yicha ma'lumotlar bazasini shakllantirish, obektlarda qurilish jarayonlarini nazorat va monitoring qilishda ularni ro‘yxatga olish, qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tekshiruvlarini va ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni qayd etish, ularni bartaraf etish bo‘yicha ma'lumotlar bazasini shakllantirish maqsad qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tizimida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi va “O‘zbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimi (geoportal)ning ishga tushirilishi, idoralararo axborot almashinuv tizimlari va ma'lumotlar bazasini shakllantirish va geografik axborot tizimi bilan integratsiyalash bo‘yicha amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, qurilish sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish va shaffoflikni ta'minlashga xizmat qiluvchi axborot tizimlari joriy etilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya tashkil qilinib, vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini kuchaytirishga qaratilgan samarali “ijro etilishi yuzasidan nazorat” (compliance control) tizimi va “Qurilish sohasida axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish” markazi tashkil etildi.

Mazkur qaror bilan Qurilish vazirligining axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun vazirlik tizimidagi tashkilotlar zamonaviy kompyuter texnikalari, raqamli ko‘p imkoniyatli qurilmalar, planshet-noutbuklar, uzluksiz quvvat manbalari, antivirus uskunalari, video-konferens-aloqa televizorlari, videokameralar, server qurilmalari va boshqa turli xil zamonaviy texnologiya jihozlari bilan ta'minlandi.

Aytish mumkinki, 2020 yil davomida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida davlat qurilish nazoratini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan, elektron hujjat almashinuvini bosqichma-bosqich joriy etish amalga tatbiq etildi. Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar qurilishi tugallangan obektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoniga davlat sanitariya nazorati va davlat yong‘in nazorati hududiy organlarini jalb qilishi hamda ular obektlarni foydalanishga qabul qilish muddatlari doirasida Inspeksiya va hududiy inspeksiyalarga obektning sanitariya normalari va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida o‘zlarining xulosalarini taqdim qilishlari lozimligi yuklatildi.

Shuningdek, 2020 yil 1 iyuldan boshlab Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar boshliqlariga shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishiga oid ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berildi. Bir so‘z bilan aytganda, qurilish sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jalb qilinishi, markazlashgan elektron ma'lumotlar bazasi shakllantirilishi va elektron hujjat almashinuvi tatbiq etilishi, qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning jamoatchilik uchun oshkoraligi va shaffofligini ta'minlashning omili bo‘lmoqda.

Qashqadaryo viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi

Top