07:34 / 25.06.2021
1188
Turkiy davlatlar turizm vazirlari Qo‘qon shahrini sayohat qilishdi

Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy Kengash turizm masalalari vazirlarining VI yig‘ilishi ishtirokchilari muzokaralardan so‘ng, Jome majmuasida joylashgan milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Xudoyorxon saroyida bo‘ldi. Bu yerda milliy urf-odatlar aks etgan milliy liboslar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi a'zo mamlakatlari vakillari Qo‘qon universitetida ham bo‘ldi. Tashrif davomida kitob mutolaasi targ‘ibotiga bag‘ishlangan, olti davlatning buyuk adiblari nomlari aks etgan «Tafakkur gulshani» monumentiga asos solindi.

Hamkor davlatlar vakillariga ehtirom ramzi sifatida universitet hududiga turkiy davlatlar bayroqlari o‘rnatildi va mehmonlarga Qo‘qon tarixiga bag‘ishlab yozilgan asarlar va esdalik sovg‘alari taqdim etildi. 

Tadbir doirasida Qo‘qon universiteti talabalari uchun Turkiy tilli davlatlarning manfaatli va istiqbolli hamkorlik aloqalari bo‘yicha seminar-treninglar bo‘lib o‘tdi. Turkiy vazirlar uchun shahar bo‘ylab velosayr uyushtirildi.

Tadbir so‘ngida mehmonlar sharafiga san'atkorlar ishtirokida konsert dasturi o‘tkazildi.

Top