13:13 / 26.06.2021
6203
«Bank siri to‘g‘risida»gi va «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartish kiritilmoqda
Foto: Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

Parlament yuqori palatasining o‘n oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama markazida bo‘ldi.  

Qonunning maqsadi jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi tomonidan O‘zbekiston milliy tizimini baholashning ikkinchi bosqichini muvaffaqiyatli o‘tkazishga tayyorgarlik doirasida FATF tavsiyalarini qonunchilikka implementatsiya qilishdan iborat.

Qonun bilan amaldagi 2 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Birinchidan, “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish kiritish orqali jinoiy yo‘l bilan olingan mol-mulkni aniqlash, xatlash va musodara qilishni ta'minlash maqsadida bank sirini tashkil etuvchi ma'lumotlarni prokuror sanksiyasiga asosan prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv va tezkor-qidiruv organlariga taqdim etish tartibi belgilanmoqda.

Qonunga o‘zgartish kiritish orqali tergovga qadar tekshiruv materiallari va jinoyat ishi doirasida Markaziy bankning ma'lumotlar bazasidan hisobvaraqalar haqidagi ma'lumotlarni avtomatlashtirilgan rejimda olish tartibi ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan birga, prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv organlari va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar, shuningdek chet davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasida bank sirini tashkil etuvchi ma'lumotlarni almashish tartibi belgilanmoqda.

Ikkinchidan, “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish kiritish orqali 6 ta tezkor-qidiruv faoliyatni amalga oshiruvchi organlar tomonidan prokuror sanksiyasi bilan bank sirini tashkil etuvchi ma'lumotlardan foydalanish tartibi belgilanmoqda.

Jumladan, bank sirini tashkil etuvchi ma'lumotlar prokurorning sanksiyasi bilan quyidagilarga taqdim etilishi belgilanmoqda:

  • birinchidan, prokuratura, dastlabki tergov va surishtiruv organlariga –ularning ish yurituvidagi jinoyat ishlari bo‘yicha ish uchun ahamiyatli bo‘lgan holatlarni aniqlash, yetkazilgan zararni undirishni yoki mol-mulkni xatlashni ta'minlash maqsadida tergovchining yoxud surishtiruvchining asoslantirilgan qaroriga ko‘ra;
  • ikkinchidan, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga – ularning ish yurituvidagi tezkor-qidiruv ishlari bo‘yicha o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan asoslantirilgan qaror asosida.

Bildirilishicha, qonunning qabul qilinishi:

  • BMT konvensiyalari talablari hamda FATF tavsiyalari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishiga;
  • Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi tomonidan O‘zbekistonning milliy tizimini baholashning ikkinchi bosqichi muvaffaqiyatli o‘tishini ta'minlashga;
  • Respublikaning investitsion jozibadorligi oshishiga hamda xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Senatorlar tomonidan ushbu qonun ma'qullandi.

Top