07:31 / 26.06.2021
2462
Suyak ko‘migi hujayralarini transplantatsiya qilish tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan hukumatning “Qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritildi.

Hujjatning maqsadi - aholiga ko‘rsatilayotgan yuqori texnologiyali ixtisoslashgan tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish, shu jumladan, gematopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish tartibini belgilash.

Shu munosabat bilan yuqorida ko‘rsatilgan Vaqtinchalik nizomning nomiga o‘zgartirish kiritildi, u endi Buyrak va (yoki) jigar bo‘lagi hamda gematopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom deb nomlanadi.

U tirik donordan buyrak va (yoki) jigar bo‘lagi hamda gematopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish tartibini, shuningdek transplantatsiyani bajarishga ko‘rsatma va qarshi ko‘rsatmalarni, donor va retsipiyentning huquqlari va majburiyatlarini belgilaydi.

Gematopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish inson salomatligining qaytarib bo‘lmas buzilishlariga olib keluvchi va qon hosil qilish vazifalarini amalga oshira olmaydigan shikastlangan hujayralar o‘rniga retsipiyentga o‘zining sog‘lom suyak ko‘migi o‘zak hujayralarini yoki tirik donorning suyak ko‘migi o‘zak hujayralarini ko‘chirib o‘tkazish maqsadida amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyoti hisoblanadi.

Gematopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish faqat Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshiriladi.

Gematopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish uchun retsipiyentning qarindoshlari hamda u bilan qarindoshlik aloqalari bo‘lmagan shaxslar ham tirik donorlar bo‘lishi mumkin.

Suyak ko‘migi o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar:

  • o‘tkir limfoblast leykoz va uning shakllari, o‘tkir miyeloblast leykoz va uning shakllari;
  • miyelom kasalligi, surunkali miyeloleykoz, surunkali limfoleykoz, miyelodisplastik sindrom;
  • aplastik anemiya, birlamchi tug‘ma immunodefitsit, autoimmun tizimli kasalliklarni ayrim turlari, limfomalar, talassemiyaning og‘ir turlari.

Suyak ko‘migi o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilishga qarshi ko‘rsatmalar:

  • ruhiy buzilishlar;
  • faol infeksiya;
  • qandli diabet dekompensatsiyasi;
  • homiladorlik;
  • asosiy kasallikni inkurabel retsidivi;
  • donor va retsipiyentning nomuvofiqligi;
  • bemorning ximiorezistentligi.
Top