15:26 / 26.06.2021
16720

Yaqin kunlarda amalga oshishi kutilayotgan 7 transfer

Futbol muxlislari e'tibori Yevropa va Amerika maydonlarida davom etayotgan qit'a chempionatlarida bo‘lib turgan bir paytda, klublar miqyosidagi futbol transferlar bozori bilan band. Bir qator transferlarning guvohiga aylanib ham bo‘ldik. Xorijlik insayderlar esa yana bir necha yulduzlar bo‘lg‘usi jamoalari bilan kelishuvga erishib bo‘lganini xabar qilmoqda. Quyida amalga oshish ehtimoli eng yuqori bo‘lib turgan 7ta transferga e'tiboringizni qaratamiz.

Patson Daka
Qayerdan: 
«Zalsburg»
Qayerga: «Lester»
Narxi: 43 mln funt-sterling

«Tulkilar» doimgidek ayyorona va aqlli transferga qo‘l urmoqda. Avstriya chempionatining eng goleador futbolchilaridan biri hisoblangan Patson Daka Erling Holanddan so‘ng zalsburgliklar yetakchisiga aylanib oldi. Avstriya grandi safida zambiyalik futbolchi 125ta o‘yin o‘tkazib, 68 marta gol urishga erishdi.

Mavsum davomida Jyeymi Vardining bir necha marta jarohat olishi «Lester» murabbiylarini xavotirga solgani aniq. Ha, Iheanacho uning yo‘qligini bildirmadi va mavsum yakunini fenomenal o‘tkazdi. Biroq, oldingi chiziqni sug‘urtalab qo‘yish zarar qilmaydi. Boz ustiga, Dakaga sarflanadigan pullar kelajakda yaxshi foyda berishi mumkin. U APLda ham o‘zini ko‘rsata olgan taqdirda, grandlar uni mo‘maygina pulga sotib olishlari mumkin.

Bubakari Sumare
Qayerdan: 
«Lill»
Qayerga: «Lester»
Narxi: 19,8 mln funt-sterling

«Lester» mavzusida davom etamiz. Klub «Lill» bilan chempionlikka erishgan yosh futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishni xohlamoqda. Ingliz nashrlarining ma'lumot berishicha, shartnoma imzolanishi uchun deyarli barcha narsa tayyorlab qo‘yilgan.

22 yoshli yarimhimoyachi yuqori tezligi va dribling mahorati evaziga inglizlar nazariga tushgan.

Sumare joriy mavsumda barcha musobaqalarda 43ta o‘yinda maydonga tushib, 2ta assist amalga oshirishga erishgan. Tayanch yarimhimoyachisi uchun unchalik yomon natija emas.

Janluiji Donnarumma
Qayerdan: 
«Milan»
Qayerga: «PSJ»
Narxi: Tekin (erkin agent)

Donnarumma joriy mavsum «Milan» bilan chempionlikni alamli tarzda boy berdi. Ha, «rossonerlari»dan haqliroq, kuchliroq jamoa chempionlikka erishgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu mag‘lubiyatning alami Donnarummada og‘irroq kechdi. Sababi, «Jijio» «San Siro»dagi faoliyatini yirik sovrinsiz yakunlamoqda. 2016 yilgi Superkubok g‘olibligi yagona istisno.

Milanliklar allaqachon Donnarumma o‘rniga Menyan bilan shartnoma tuzib bo‘ldi. Biroq, uning o‘zi hali yangi jamoasi bilan shartnoma imzolab ulgurmadi. «PSJ» esa u uchun ideal variant. Insayderlar ushbu transfer amalga oshishiga ko‘p vaqt qolmaganini aytishmoqda.

Ashraf Hakimi
Qayerdan: 
«Inter»
Qayerga: «PSJ»
Narxi: 80 mln yevro

Nosir Al-Helayfi o‘z jamoasini Yevropa taxtiga olib chiqmaguncha tinchimaydigan ko‘rinadi. O‘ng qanotdagi bo‘shliqni o‘tgan mavsum Alessandro Florensi yaxshi yopib bera oldi. Biroq, klub kelajagi uchun yosh va iqtidorli futbolchi zarar qilmaydi. Robert Chjanning iqtisodiy cheklovlari sabab Antonio Konte jamoadan ketdi. Ashraf Hakimi ham yangi mavsumni boshqa jamoa safida boshlashi mumkin.

«PSJ» allaqachon marokashlik futbolchiga taklif tayyorlab qo‘ygani haqida ma'lumotlar bor. Bir qator futbolchilarni sotishni rejalashtirgan rahbariyatga ham 80 mln funt-sterling yoqib tushsa kerak.

Jan-Kler Todibo
Qayerdan: 
«Barselona»
Qayerga: «Nitssa»
Narxi: 8,5 mln yevro

«Barselona»ning Todibo bo‘yicha rejalari ham, fransuz himoyachisining kataloniyaliklar jamoasi bilan bog‘liq orzulari ham puch bo‘lib chiqdi. O‘tgan mavsumda Todibo jurnalistlarga Barselonaga qaytmoqchi emasligini ma'lum qilgandi. O‘z navbatida, «Nitssa» uning shartnomasini to‘liq sotib olishga tayyor.

Laporta bir qator keraksiz futbolchilarni sotib, ulardan tushgan pulga yoz mobaynida yana bir qator transferlarni amalga oshirish rejasida ekanligini klub kongressida aytib o‘tdi. Erik Garsiyaning jamoaga olib kelinishi ortidan 21 yoshli fulbekning imkoniyatlari yanada pasayib ketdi.

Konrad de la Fuente
Qayerdan: 
«Barselona»
Qayerga: «Marsel»
Narxi: 8 mln yevro

«Barselona» naqadar katta klub bo‘lmasin, Konrad yoshidagi futbolchi uchun uning zaxira o‘rindig‘ida hech qanday foydali ish yo‘q. «Marsel» Fransiyaning nomdor klublaridan biri. Asosiy vaqtini kataloniyaliklar o‘rinbosarlari bilan o‘tkazayotgan futbolchiga Xorxe Sampaolining shaxsan o‘zi qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar bor. Argentinalik mutaxassis AQSh milliy jamoasi a'zosini yaxshi tanisa kerak.

Jyeydon Sancho
Qayerdan: 
«Borussiya» Dortmund/
Qayerga: «Manchester Yunayted»
Narxi: 78 mln funt-sterling

Sancho kutilganidek Yevropa chempionatining yorqin yulduzlari qatoridan o‘rin olmayapti. Sababi, unga Sautgeyt yetarlicha imkoniyat bermayapti. Balki, uning formasi raqobatdosh futbolchilariniki singari yuqori darajada emasdir. Ammo iqtidori hamon «Manchester Yunayted» rahbariyatini uni xarid qilishga undamoqda. Pandemiya bilan bog‘liq og‘ir vaziyat sabab dortmundliklar uni 78 mln funt-sterlingga qo‘yib yuborishlari mumkin. Bir yil avval bu summa ikki baravar ko‘p, deb aytilayotgan edi.

Ta'kidlanishicha, tomonlar og‘zaki kelishuvga ham erishgan. Endi barchasi «Borussiya» rahbariyatining transferga rozilik bildirishiga bog‘liq bo‘lib qolgan.

«Squawka.com» saytidan Abdulvosid Valixonov tarjimasi.

Top