12:35 / 27.06.2021
5459
QarDU pedagogika instituti va SamDU Kattaqo‘rg‘on filialiga direktor tayinlandi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining 2021 yil 25 iyundagi buyrug‘i bilan bir qator oliy ta'lim muassasalariga tayinlovlar amalga oshirilgan. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filialiga, Qarshi davlat universitetining Pedagogika institutiga direktor hamda Termiz davlat universiteti Pedagogika instituti direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari tayinlangan.

Jumladan:

Abduqahhor Gadoyevich G‘aniyev

Abduqahhor Gadoyevich G‘aniyev – Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti direktori lavozimiga tayinlangan. A.G‘aniyev 1974 yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent. Mazkur tayinlovgacha u Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filiali direktori lavozimida ishlagan.

Sherzod Rahmonovich O‘roqov

Sherzod Rahmonovich O‘roqov – Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan. Sh.O‘roqov 2002 yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan. Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD). Mazkur tayinlovgacha Sh.O‘roqov SamDU huzuridagi Jomboy raqamli texnologiyalar texnikumi direktori lavozimida ishlagan.

Baxtiyor Berdiyevich Imanov

Baxtiyor Berdiyevich Imanov – Termiz davlat universiteti Pedagogika instituti direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. B.Imanov 1980 yilda Toshkent davlat pedagogika universitetini tamomlagan. Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent. Tayinlovgacha u Termiz davlat universitetining Milliy hunarmandchilik va kulolchilik fakulteti dekani lavozimida ishlagan.

 

Top