17:04 / 27.06.2021
2147

Samarqanddagi noqonuniy qurilish to‘xtatildi, ammo ayrim savollar ochiq qolmoqda

Kecha, 26 iyun kuni Samarqand | Kun.uz Telegram-kanalida Samarqand shahri Sartepa massivida, ko‘p qavatli uylar oldida, bolalar maydonchasi o‘rnida qurilish boshlangani va bu shu atrofda yashayotgan aholi noroziligiga sabab bo‘layotgani yoritilgandi. Shahar hokimligi axborot xizmati shu masalada munosabat bildirib, mazkur qurilish noqonuniy boshlangani va hozirda to‘xtatilganini ma'lum qildi.

Munosabatda yozilishicha, prezidentning 2020 yil 18 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ 4602-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Samarqand shahar hokimligi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash shahar bo‘limi va «CPEC STROY PLANET» MChJ  o‘rtasida bitim imzolangan.

Mazkur bitimga asosan, Samarqand shahar «Xo‘ja Soat» MFY markaziy binosini davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida qurish uchun shu mahallada joylashgan 118-sonli ko‘p qavatli uy va 55-o‘rta maktab binosi oralig‘ida 200 metr kvadrat yer maydonida qurilish ishlarini olib borish belgilangan.

Biroq mazkur hududda olib borilgan qurilish ishlari Camarqand shahar mas'ul xodimlari tomonidan bir oy ilgari borib o‘rganilganda qurilish ishlarini boshlash to‘g‘risida shahar hokimining qarori hamda shaharsozlik va loyiha hujjatlari mavjud emasligi aniqlangan. Shu sababli 21 may kuni shahar qurilish bo‘limi tomonidan yozma ko‘rsatma orqali qurilish ishlarini to‘xtatish to‘g‘risidagi 148-sonli yo‘riqnoma berilgan va qurilish ishlari to‘xtatilgan. 

Qayd etilishicha, ayni paytda qurilish ishlari to‘xtatilgan. Qurilish ishlarini boshlash uchun quruvchi shahar hokimining tegishli qarorini olishi kerak. Qarorga asos sifatida «Yer tanlash dalolatnomasi» tegishliligi bo‘yicha korxona hamda tashkilotlar bilan to‘liq kelishilgandan so‘ng shahar qurilish bo‘limining ijobiy xulosasi asosida shahar hokimligi qoshidagi «Yer komissiyasi»da qayta ko‘rib chiqiladi.

P.S. Munosabatda ba'zi savollar ochiq qolyapti. Davlat-xususiy sherikchilik asosida mahalla markazi qurilishi uchun 200 metr kvadrat yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilgan. Ammo undan bir necha barobar katta yer maydonida kotlovan qazilgan. Nega? Qolaversa, murojaatchilar quruvchi bu yerda ko‘p qavatli uy qurishni rejalashtirayotgani haqida aytishdi. Bu nechog‘lik haqiqat?

Top