08:50 / 28.06.2021
12239

O‘zbekiston Tojikistonda ipakni qayta ishlash zavodlarini tashkil etishi mumkin

25 iyun kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umrzoqov Tojikistonning So‘g‘d viloyati raisi R.Ahmadzodani qabul qildi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Muzokaralar chog‘ida tomonlar ko‘p qirrali o‘zbek-tojik hamkorligiga oid keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilib, qishloq xo‘jaligi sohasida hududlararo munosabatlar va hamkorlik yo‘nalishlariga alohida e'tibor qaratdi.

Agrosanoat sohasida investitsiya loyihalari portfelini kengaytirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi - aniq investitsiya takliflari ko‘rib chiqildi, ular ustida ishlash va amalga oshirish bo‘yicha keyingi sa'y-harakatlar rejalashtirildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Meva-sabzavot mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘zaro yetkazib berishning muhim salohiyati qayd etildi. Meva-sabzavotlar elita navlarini yetishtirishga mo‘ljallangan tomchilatib sug‘orish tizimiga ega zamonaviy issiqxonalar va intensiv bog‘lar yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar alohida ta'kidlandi.

Muloqot chog‘ida Tojikiston delegatsiyasi rahbari Tojikistonda klaster yondashuvi asosida to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini joriy etishga qiziqish yuqoriligini qayd etdi. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarish obektlarini yaratishni nazarda tutgan holda yetakchi o‘zbek to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatishga tayyorlik bildirildi.

Ipakchilik va charm-poyabzal sohalaridagi hamkorlikka alohida e'tibor qaratildi. Tomonlar yaqin kelajakda O‘zbekistonning Toshkent viloyati tadbirkorlari ishtirokida Tojikistonning So‘g‘d viloyatida ipakni qayta ishlash zavodlarini tashkil etish va charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha aniq takliflarni shakllantirishga kelishib oldi.

Urug‘chilik, paxtachilik, chorvachilik, uzumchilik va boshqa sohalardagi ilmiy ishlanmalarni o‘zaro almashish va joriy etish maqsadida O‘zbekiston va Tojikiston qishloq xo‘jaligi ta'lim va ilmiy muassasalari o‘rtasida bevosita o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta'kidlandi.
 
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikning muhokama qilingan yo‘nalishlarini ilgari surish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni bayon etdi. Yaqin vaqtlarda yangi investitsiya loyihalari va ularni amalga oshirish bo‘yicha tegishli “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.

Top