18:30 / 29.06.2021
7414

«Ayrim davlat idoralariga hali yetib bormagan» - DXA rasmiysi bilan byurokratiyani kamaytiruvchi farmon ijrosi bo‘yicha suhbat

Davlat xizmatlari agentligi direktori o‘rinbosari No‘'mon Muhammadiyevning aytishicha, 1 iyundan 18 turdagi hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor bo‘lishi natijasida fuqarolarning 20 mlrd so‘mdan oshiq mablag‘i tejab qolinmoqda. DXA rasmiysi Kun.uz’ga bergan intervyusida 18 turdagi hujjatlarni olish uchun 2020 yilda 1,5 mln so‘rov bo‘lganini ta'kidladi.

– 2021 yil 23 martda qabul qilingan 6191-sonli prezident farmonida 2021 yil 1 iyundan davlat organlari bundan buyon fuqarolardan pasport nusxasi, 3x4 surat, kadastr hujjati, mehnat daftarchasi kabi 18 turdagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinishi belgilangan edi. Farmonda belgilab berilgan mazkur vazifalar ijrosi ta'minlanyaptimi?

– Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida bir qancha ishlar olib borildi, shulardan biri litsenziya va ruxsatnomalar berish tartibi bekor qilindi, yoki ma'muriy tartib-tamoyillarga o‘tishdagi muddatlar qisqartirildi.

Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyatlari tomonidan talab qilinadigan bir qancha ma'lumotnomalar bekor qilindi. Lekin shunga qaramay, bugungi kunda idoralararo elektron tarzda hujjat almashinuvi imkoniyati bo‘lsa-da, qog‘oz ko‘rinishida ishlab kelish amaliyoti hamon davom etmoqda.

Shu kabi holatlarni tartibga solish maqsadida prezident farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2021 yil 1 iyundan boshlab narkodispanser, ruhiy kasalliklar dispanseri, sudlanganlik, nikohda turish-turmaslik va boshqa shu kabi 18 turdagi hujjat davlat organlari va boshqa davlat tashkilotlari tomonidan talab qilinishi tartibi bekor qilindi.

O‘tgan yillarda birgina nikohda bo‘lgan-bo‘lmagani haqidagi ma'lumotnoma bir yilda 360 ming marta talab qilib olingan. Belgilangan 18 turdagi hujjatlarni olish uchun 2020 yilda 1,5 mln so‘rov bo‘lgan. Farmon qabul qilinishi natijasida fuqarolarning 20 mlrd so‘mdan oshiq mablag‘i tejab qolinyapti. Bir tomondan fuqarolarning shu 1,5 mln marta murojaat uchun kelgan vaqti va yo‘l xarajati, ikkinchi tomondan o‘sha hujjatni olish uchun davlatga to‘laydigan puli yonida qolyapti.

Ma'lumki, DXA davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida davlat siyosatini olib boradi. Iyun oyining 20 kuni bo‘yicha monitoring olib bordik. O‘rganishlarda ma'lum bo‘lishicha, 75 mingta holatda ma'lumot so‘ralgan, shundan 45 mingtasi bevosita davlat idoralari tomonidan fuqarolardan talab qilib olingan.

Farmonda esa 1 iyundan bekor qilinishi, aks holda qonun buzilishi deb qaralishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, tuman va shaharlardagi ayrim davlat idoralarining ushbu farmondan hali-hanuz xabardor emasligi, internet tarmog‘i ishlamasligi yoki tegishli axborot tizimlari ishlamagani vaj qilib keltirilgan. Go‘yoki fuqaroning «ishi bitishi» uchungina qog‘oz hujjatlar talab qilinganini aytishgan.

Qaysi tashkilot tomonidan so‘ralishi taqiqlangan ma'lumotlar talab qilingan bo‘lsa, ularga ogohlantirish berildi. Iyul oyida yana monitoring o‘tkaziladi va holat takrorlansa, agentlik vakolatiga kiritilgan javobgarlikka tortish funksiyasi orqali qattiqroq choralar qo‘llaymiz.

Davlat xizmatlari agentligi direktori o‘rinbosari No‘'mon Muhammadiyev

– Tashkilotlar o‘zaro ma'lumot almashayotganda fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlari daxlsizligini ta'minlash qay darajada amalga oshiriladi?

– «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunda fuqaro to‘g‘risidagi ma'lumotlarni jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oshkor qilinishi tegishli javobgarlikka sabab bo‘lishi nazarda tutilgan. Ma'lumotlarni o‘zaro almashish jarayonida xavfsizlik masalasiga ikki tomondan yondashish mumkin. Birinchisi, texnik jihat. Bunda davlat idoralari ma'lumot almashganda hukumatning yopiq kanallari orqali amalga oshiriladi va bunda xavfsizlik yuqori darajada ta'minlanadi. Bu borada hech qanday muammo yoki xavotir yo‘q.

Ikkinchisi, davlat idoralari xodimlarining ushbu jarayonga qanday yondashishi masalasi. Bunda xodim o‘z ishiga insof bilan yondashishi kerak. Bu har bir insonning vijdoniga havola. Shu bilan birga, davlat idoralari bilan axborot maxfiyligini saqlash nuqtayi nazaridan kelishuv amalga oshirilgan va ularning xodimlariga huquq va burchlari tushuntirib o‘tilgan.

Yangilik sifatida aytishim mumkinki, DXMlar orqali ko‘rsatiladigan xizmatlarda bu tizimni joriy qilganmiz, ya'ni davlat organlari elektron hukumat orqali fuqaroga tegishli ma'lumotlarni so‘raganda o‘zi to‘g‘risidagi qaysi ma'lumotlar so‘ralayotganini ko‘rib turish imkoni yaratilgan. Buning uchun fuqaroda shaxsiy kabinet ochiladi va qaysi tashkilot qanday ma'lumotni olayotgani ko‘rinib turadi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Top