11:18 / 29.06.2021
8400

«Beeline» UZREPORT TV’ga qarshi sudda yutqazdi

UZREPORT TV’ning mualliflik huquqi va turdosh huquqlarning buzilishi yuzasidan Beeline’ga qarshi da'vo arizasi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rib chiqildi va telekanalning da'vosini to‘liq qondirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.

Sud qaroriga binoan, javobgar «Unitel» MChJ UZREPORT TV va FUTBOL TV’ni «Beeline TV» mobil dasturidan o‘chirib tashlashi va keyinchalik UZREPORT MChJ bilan kelishuvisiz ushbu kanallarni translatsiya qilmasligi shartligi belgilandi

«Telekanalimizning «Beeline»ga qarshi da'vosi sudda ko‘rib chiqilib, obektiv va adolatli qaror qabul qilinganidan mamnunmiz. Mualliflik huquqini himoya qilish davlat siyosatining ajralmas qismi sifatida, ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib, buni mamlakatimiz prezidentining ushbu masalaga qaratgan diqqat-eʼtibori ham tasdiqlaydi.

«Agar biz intellektual mulkni himoya qilishni kuchaytirsak, bu uchinchi Uyg‘onish davri uchun ham poydevor bo‘lib xizmat qiladi», deya ta'kidlagandi Shavkat Mirziyoyev mualliflik huquqini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda.

To‘g‘ridan to‘g‘ri bizning ishimizga kelsak, UZREPORT hozirda «Beeline» va «O‘zbekiston Kabel Televideniyasi» MChJga qarshi noqonuniy harakatlari sabab ma'naviy va moddiy zararni qoplash uchun, joriy sudda aniqlangan dalillarga asoslanib yangi da'vo arizasini tayyorlamoqda», deya izoh bergan telekanal bosh muharririning birinchi o‘rinbosari Alisher Azimov.

Avvalroq, «Unitel» MChJ («Beeline» savdo belgisi) kompaniyasi o‘ziga tegishli bo‘lgan «Beeline TV» mobil ilovasida UZREPORT TV bilan shartnoma tuzmasdan UZREPORT TV va FUTBOL TV telekanallarini namoyish qilib kelayotgani sababli telekanal «Unitel» MChJ kompaniyasiga qarshi sudga da'vo arizasi kiritgani xabar qilingandi

Bunga javoban, «Beeline» kompaniyasi vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berib, mualliflik huquqlarini buzganlikda ayblanayotganidan norozi ekani va o‘z pozitsiyasini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi doirasida himoya qilishga tayyorligini bildirgandi.

Kompaniya o‘z xatti-harakatlarini litsenziyalangan shartnomaga muvofiq, «O‘zbekiston Kabel Televideniyesi» MChJ tomonidan taqdim etilgan telekanallar to‘plamiga UZREPORT TV va FUTBOL TV telekanallari ham kirgani bilan izohlagan.

Mavzuga oid
Top