21:27 / 29.06.2021
15046

“O‘zbekistonda ishlamoqchi bo‘lsa, qonunlarimizga rioya qilsin” - mas'ullar ijtimoiy tarmoqlarga oid qonun haqida

O‘zkomnazorat boshlig‘i G‘olibsher Ziyoyev va boshqa mas'ullar ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi ehtimolini yuzaga keltirgan qonun masalasida Kun.uz'ga izoh berdi.

Bugun, 29 iyun kuni Milliy gvardiya ixtisoslashtirilgan o‘quv markazida Axborot xavfsizligi bo‘yicha MDH xalqaro ekspertlar forumi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz forum doirasida mas'ullardan “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shilgan 27-1 modda borasida izoh so‘radi. Bu moddaga asosan, ijtimoiy tarmoqlar oldiga O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma'lumotlarni jisman O‘zbekiston hududida saqlash talabi qo‘yilmoqda.

“Shaxsiy yozishmalarni O‘zbekistonga ko‘chirish shart emas”

G‘olibsher Ziyoyev, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (O‘zkomnazorat) boshlig‘i:

— Albatta, qabul qilingan har bir qonunning ijrosi ta'minlanishi lozim. Bu qonun O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlarini himoya qilishga qaratilgan. Bugungi kunda bunga ham texnik, ham qonuniy asoslar to‘liq yaratilgan va imkoniyatlar mavjud.

Server deyilganda ko‘z oldimizga juda katta komplekslar keladi va shu orqali buni juda bo‘rttirib, muammodek ko‘ramiz. Biroq bugungi kunda axborot texnologiyalarini rivojlantirish yo‘nalishida vakolatli organlar texnik sharoitlar yaratib berishga tayyor.

— Shaxsga doir ma'lumotlarga shaxsiy yozishmalar ham kiradimi yoki ro‘yxatdan o‘tish uchun kiritilgan ma'lumotlarmi?

— Shaxsga doir ma'lumotlarga nimalar kirishi qonun bilan belgilangan. Yozishmalar – boshqa narsa.

“Fuqarolarimizning huquqlarini konstitutsion ta'minlashga harakat qilyapmiz”

Temur Ahmedov, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i:

— Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik normalari bizda 2019 yildan paydo bo‘la boshladi, “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Agar bu yo‘nalishda ishlar davom ettiriladigan bo‘lsa, biz tashqaridan emas, ichki nazoratni kuchaytirish orqali fuqarolar huquqlarini konstitutsiyaviy kafolatlashimiz mumkin. Agar tashqarida bo‘lsa, buni ta'minlay olmasligimiz ehtimoli ko‘proq.

Facebook, Yahoo kabi kompaniyalarga hakerlar hujum qilib, bitta ma'lumot chiqarishi o‘sha kompaniya uchun 10-100 millionlab dollar xarajatga tushadi. Sababi – bu ularning imiji, reputatsiyasiga ta'sir qiladi. Shuning uchun biz mamlakatimiz fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlarini O‘zbekistonga olib kelishga, shu orqali ularning huquqlarini konstitutsion ta'minlashga harakat qilyapmiz.

— O‘zimizga olib kelinsa, bu ma'lumotlar daxlsizligi kafolatlanadimi?

— Aytyapman-ku, O‘zbekistonda bu ma'lumotlar [daxlsizligi] Konstitutsiya bilan kafolatlangan. Deylik, biron ma'lumot chiqarilsa, sudga murojaat qilishimiz mumkin. Xalqaro suddan ko‘ra, O‘zbekistondagi sudda ish oson va tez muddatda ko‘riladi. Xalqaro sudlardagi ba'zi ishlar 10 yillab cho‘zilishi holatlari kuzatiladi.

“Internet-kompaniyalar O‘zbekistonda ishlamoqchi bo‘lsa, O‘zbekiston qonunlariga rioya qilishi kerak”

Eldor Tulyakov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori:

— Axborotlashgan jamiyatda ko‘plab xizmatlar, xususan to‘lov xizmatlari elektron tarzda taqdim etilyapti. Bu jarayonda shaxsga doir ma'lumotlarning ko‘lami sezilarli ravishda oshdi, ya'ni ko‘plab aholimiz axborot maydonida shaxsiy ma'lumotlarini berishiga to‘g‘ri kelyapti. Shu jarayonda har bir mamlakat o‘z fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlarini himoya qilishga, bu borada tegishli talablarni ilgari surishga haqli.

Bu – fuqarolarning ham shaxsiy, ham bevosita iqtisodiy holatiga ta'sir qiladigan ma'lumotlar. Oddiy holatda misol keltiraman, fuqarolar bank kartasidagi ma'lumotlarni berishi natijasida hisob raqamidagi mablag‘lar yo‘qolib qolayotgani, elektron oldi-sotdida aldanib qolayotgani uchrab turibdi. Shu kabi nojo‘ya harakatlarning oldini olish maqsadida davlat fuqarolarini himoya qilmoqchi.

Mazkur masala amaliyotda qay tarzda ishlaydi deyilsa, buni vaqt ko‘rsatadi. Hozirgi jarayonda bu talabning ilgari surilayotgani elektron maydonda xizmat ko‘rsatadigan katta-katta korporatsiyalarning O‘zbekiston qonuniga bo‘ysunish-bo‘ysunmasligini ularning o‘zi hal qiladi.

Bo‘ysunmaydigan bo‘lsa, davlat idoralari tomonidan bu kompaniyalar faoliyatini ma'lum darajada chegaralash kerak bo‘ladi. O‘zbekistonning qonuni O‘zbekistonda hamma uchun barobar. Albatta, ular O‘zbekistonda faoliyat olib bormoqchimi, shu davlat qonuniga rioya qilishi kerak. Qonun esa hozir ularning serverlari O‘zbekistonda joylashishini talab qilyapti.

Hozir shu normani kiritishning mavridi edimi, degan masalaga kelsak, qonunchilik organi bu masalani hozirgi paytda dolzarb deb bildi.

Eslatib o‘tamiz, “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shilgan 27-1 modda 2021 yil 16 apreldan kuchga kirdi.

Shu asosda yirik internet kompaniyalar va ijtimoiy tarmoqlardan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma'lumotlarni jismonan O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlash talab etilmoqda.

Kun.uz qonunga kiritilgan mazkur qo‘shimcha yuzasidan tafsilotlarni yoritib, shuningdek, mavzu yuzasidan jamoatchilik faollarining fikri va tahliliy maqolalar berib kelmoqda.

Top