13:15 / 29.06.2021
19796
Saudiyalik shahzoda o‘lim jazosiga mahkum qilindi

Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning jiyani - shahzoda Fahd bin Turki bin Abdulaziz harbiy sud tomonidan o‘lim jazosiga mahkum qilindi. U davlatga xiyonat qilishda aybdor deb topilgan.

Fors ko‘rfazi davlatlarini o‘rganish bo‘yicha Vashington instituti (Gulf Institute) ning shahzodaning yaqinlaridan biriga tayanib xabar berishicha, shahzoda Fahd podshoh Salmon va uning o‘g‘li – valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonni taxtdan chetlatish maqsadida hukumatga qarshi to‘ntaruvni tashkillashtirishga aloqador deb hisoblanmoqda.

Avvalroq Yamandagi urushda Saudiya Arabistoni kuchlariga qo‘mondonlik qilgan shahzoda o‘g‘li Abdulaziz bilan birga 2020 yil sentyabrda hibsga olingan. 

Institut tomonidan so‘ralgan mutaxassislar shahzodaning hibsga olinishiga valiahd shahzoda Muhammad aloqador, deb hisoblashmoqda. Ta'kidlanishicha, valiahd shahzoda mamlakatda go‘yoki iqtisodiy vaziyat tobora yomonlashib borayotgani sababli shu yo‘l bilan shahzoda Fahd oilasini davlat g‘aznasini to‘ldirishga majbur qilmoqchi.

Bu Saudiya Arabistoni podshohlik oilasi bilan bog‘liq birinchi mojaro emas. Valiahd shahzoda Muhammad, shuningdek, shahzoda Mansur bin Mukrinning o‘limiga aloqador deb hisoblanadi. Shahzoda Mansur 2017 yilda baxsiz hodisa oqibatida vertolyotda halokatga uchragan. Biroq norasmiy versiyaga ko‘ra, shahzoda Mansur valiahd shahzodaga ishlovchi va dissidentlarni bartaraf etishga javobgar “Yo‘lbars” (Tiger Squad) maxsus otryadi tomonidan yo‘q qilingan.

Top