09:38 / 29.06.2021
6804

Tanqiddan so‘ng. Yangiyo‘lda 1 yil toksiz yotgan yangi zavodlar elektr energiyasiga ulandi

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida joylashgan, “Sho‘ralisoy” sanoat zonasidagi yangi zavodlar yuqori kuchlanishli elektr energiyasi yetkazib berilmayotgani sababli ishlamayotgan, bundan esa investorlar zarar ko‘rayotgandi. Kun.uz'dagi tanqidiy maqoladan so‘ng muammo hal etildi.

Kun.uz muxbiri amalga oshirilgan ishlarni tasvirga olish maqsadida yana bir bor Yangiyo‘lda bo‘ldi.

Toshkent viloyati kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi mas'ul xodimi Shuhrat Dehqonboyevning aytishicha, ayni paytda hududdagi korxonalar yetarli kuchlanishdagi elektr energiyasi bilan ta'minlangan.

Shuhrat Dehqonboyev

«Podstansiyamizdan shu kungacha aholi hamda kichik sanoat zonasidagi tadbirkorlar elektr energiyasi bilan ta'minlab kelingan. U avval Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi balansida bo‘lib, qarovsiz holatda turardi. Transformator bu yerdagi korxonalarni yetarli kuchlanishdagi tok bilan ta'minlab bera olmasdi.

Tadbirkorlarning Kun.uz’ga murojaatidan keyin, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning aralashuvi bilan podstansiya qo‘mitadan aksiyadorlik jamiyati balansiga o‘tkazildi va qisqa fursatlarda qayta ta'mirlab berildi.

Hozirgi kunda 2 ming 500 kVt transformator o‘rniga 10 ming kVt kuchlanishga ega bo‘lgan uskuna o‘rnatilib, sanoat zonasidagi hamma korxonalar yetarli kuchlanishli elektr energiyasi bilan ta'minlandi», – deydi direksiya mas'uli.

«Kavsar-madad» xususiy korxonasi ish boshqaruvchisi Firdavs Abdualimovning so‘zlariga ko‘ra, Kun.uz'dagi maqoladan so‘ng Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ vakillari kelib, podstansiyani o‘rganishgan; so‘ng yangi, zavodlarni ishga tushirish uchun quvvati yetadigan transformatorlar o‘rnatilgan.

Firdavs Abdualimov

«Yaqinda bo‘yoq va metallurgiya zavodlarimiz ishga tushadi, ishlab chiqarishni boshlamoqchimiz», – dedi u.

Yangi transformator o‘rnatish ishlari 3 kun davom etgan. Ayni paytda podstansiya hududida zaruriy ekspluatatsiya qilish ishlari bajarilmoqda.

Mavzuga oid
Top