22:38 / 29.06.2021
15742

Tergovchilar bank sirlarini olishi osonlashdi. Svetlana Ortiqova izohi

O‘zbekistonda yangi kuchga kirgan qonun bilan, huquq organlarida hisobvaraqalar mavjudligi haqidagi ma'lumotlarni prokuror sanksiyasisiz avtomatik olish huquqi yuzaga keldi. Bu fuqarolar huquqlari buzilishiga olib kelmaydimi? Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Kun.uz muxbirining shu haqdagi savoliga javob berdi.

“Agar siz bilan biz boy va xavfsiz davlatda yashashni istasak, barchamiz jinoyatchilikka qarshi kurasha bilishimiz kerak. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishi va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasida xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonga tegishli tavsiyalarni bildirgan. Shu tavsiyalarni milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish masalasida bu qonun qabul qilindi.

99 foiz fuqarolarimiz qonunga itoat qilib yashayapti va ishlayapti. Ularning 1 foizigina qonunni chetlab o‘tmoqchi va noqonuniy daromadlarni olmoqchi. Nega shu toifadagi shaxslarning bank siriga oid ma'lumotlarini olmasligimiz kerak ekan?

Chunki bu 1 foiz qonunni o‘tlab ketmoqchi bo‘lgan shaxslarning xatti-harakatlari siz bilan bizning tinch-osuda hayotimizga zarba beryapti-ku. Bu ham [qonunbuzarlik haqida] aniq ma'lumotlar bor bo‘lsagina, keyin prokurorning sanksiyasi bilan ma'lumotlar olinadi.

Bu narsa davlatga, jamiyat va insonlarning manfaati uchun kerak. Men hukumatlararo komissiya raisi sifatida ushbu qonunni qabul qilgani uchun parlamentdan minnatdorman. O‘ylaymanki, bu qonun oddiy fuqarolarga foyda keltiradi”, – dedi Svetlana Ortiqova 29 iyun kuni Milliy gvardiya ixtisoslashtirilgan o‘quv markazida bo‘lib o‘tgan Axborot xavfsizligi bo‘yicha MDH xalqaro ekspertlar forumida.

Ma'lumot uchun, yangi qonunga binoan, bank sirini tashkil etuvchi ma'lumotlar quyidagi holatlarda prokurorning sanksiyasi bilan taqdim etiladi:

  • prokuratura, dastlabki tergov va surishtiruv organlariga ularning ish yurituvidagi jinoyat ishlari bo‘yicha holatlarni aniqlash, shuningdek yetkazilgan zararni undirishni yoki mol-mulkni xatlashni ta'minlash maqsadida – tergovchining yoxud surishtiruvchining asoslantirilgan qaroriga ko‘ra;
  • tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga ularning ish yurituvidagi tezkor-qidiruv ishlari bo‘yicha o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida – tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan asoslantirilgan qaror asosida.

Tergovga qadar tekshiruv materiallari va jinoyat ishi doirasida Markaziy bankning ma'lumotlar bazasidan hisobvaraqalar haqidagi ma'lumotlar prokuror sanksiyasisiz, avtomatlashtirilgan rejimda olinadi.

Top