10:21 / 30.06.2021
21388
AQSh Afg‘onistonda mingga yaqin harbiy qoldirishi mumkin

AQSh Afg‘onistonda o‘z qo‘shinlarining asosiy qismini olib chiqqandan keyin o‘z elchixonasi va Kobul aeroportini qo‘riqlash uchun mingga yaqin harbiysini qoldirmoqchi. Bu haqda rasmiy shaxslar orasidagi manbaga tayanib CNN telekanali xabar berdi. 

Foto: Master Sgt. Alejandro Licea

Ta'kidlanishicha, AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishni bir necha kun ichida yakunlashi mumkin. CNN ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda AQShning Kobuldagi elchixonasi va mahalliy aeroport xavfsizligini ta'minlash uchun mingga yaqin amerikalik harbiy qolishi mumkin.   

Xabarda ma'lum qilinishicha, NATO Afg‘onistonda qancha qo‘shin qoldirishi hozircha noma'lum.

Associated Press axborot agentligi o‘tgan hafta Vashington Afg‘onistonda o‘z diplomatlari xavfsizligini ta'minlash uchun 650ga yaqin harbiy qoldirishini ma'lum qilgan. Shuningdek, Kobul aeroportida xavfsizlikni ta'minlashda turk kuchlariga yordam berish uchun sentyabrgacha yana bir necha yuz amerikalik harbiy qolishi ham ta'kidlab o‘tilgan. Agentlikning ma'lum qilishicha, bu Kobul aeroportini qo‘riqlashni turk kuchlari to‘liq o‘z zimmasiga olmaguncha vaqtinchalik chora hisoblanadi. 

Top