11:27 / 30.06.2021
52960

O‘zbekiston milliy jamoasini boshqarishga nomzod yevropalik yana bir murabbiy nomi ma'lum bo‘ldi. O‘FA muzokarani boshlagan

Foto: KUN.UZ

Sloveniyalik taniqli mutaxassis Srechko Katanets O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyiga aylanishi mumkin. Bu haqda Tribuna.uz Eronning «Tasnim» axborot agentligiga tayanib xabar bermoqda.

Manbaning xabar berishicha, Iroq milliy jamoasi bosh murabbiyi sanalmish Srechko Katanets oylik maoshlarini ololmayotgani masalasida Iroq futbol federatsiyasi ustidan FIFAga rasman shikoyat arizasini kiritgan.

Qayd etilishicha, sloveniyalik murabbiy so‘nggi 6 oydan buyon Iroq futbol federatsiyasidan oylik maoshlarini ololmayapti. FIFA iroqliklarga so‘nggi ogohlantirish sifatida maoshlarni to‘lash uchun 10 kunlik muhlat bergan. Iroq futbol federatsiyasi FIFA talabi bo‘yicha tez orada murabbiy bilan hisob-kitobni amalga oshirib, Katanets bilan rasman xayrlashmoqchi.

Xabarda keltirilishicha, Katanets ham Iroq milliy jamoasini tark etishga tayyor. 57 yoshli mutaxassis O‘zbekiston milliy jamoasini boshqarish taklifini olgan. Sloveniyalik murabbiy O‘FA bilan muzokarani boshlagan. 

Srechko Katanets

Ma'lumot uchun, Katanets qo‘l ostidagi Iroq milliy jamoasi o‘z guruhida Erondan keyingi 2-o‘rinni egallab, JCh-2022 hal qiluvchi saralash bosqichiga yo‘l olgandi. O‘zbekiston esa bu vazifani uddalay olmagani sababli milliy jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov iste'foga chiqarilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Katanets qo‘l ostidagi Iroq milliy jamoasi 29 mart kuni Toshkentda o‘tgan o‘rtoqlik o‘yinida O‘zbekiston milliy jamoasini mag‘lub (0:1) etgandi.

Mavzuga oid
Top